Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kanadada sobiq internat hududida 200 ta bolaning suyagi chiqdi

Kanadada sobiq internat hududida 200 ta bolaning suyagi chiqdi

Foto: «Ug.ru»

Kanadaning Kamlups shahrida mahalliy bolalar uchun mo‘ljallangan sobiq maktab-internati hududidan uch yoshdan oshgan qariyb 200 dan ziyod bolaning qoldiqlari topildi, deya xabar bermoqda mahalliy CBC News telekanali.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Kamlupsdagi hindu bolalariga mo‘ljallangan maktab-internat 1890 yildan 1969-yilgacha katolik cherkovi nazorati ostida faoliyat ko‘rsatgan. Keyinchalik u federal hukumat nazorati ostiga o‘tgan va 1978-yilgacha mavjud bo‘lgan.

«Bizga ma’lumki, bu o‘limlar hujjati mavjud emas. Ba’zilari (qoldiqlar — tahr.) uch yoshli bolalarga tegishli», — deydi Kamlups shahridagi hindu jamoatchiligi rahbari Rozan Kazimir. Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv hali ham davom etmoqda, shu bois topilgan qoldiqlar soni ko‘payishi mumkin.

Telekanalning ma’lum qilishicha, qoldiqlar maxsus radar yordamida topilgan, ammo ularni eksgumatsiya qilish hali amalga oshirilmadi.

Maktab-internat joylashgan Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi koroneri Liza Lapointning telekanalga aytishicha, tergovchilar «topilma»dan payshanba kuni xabardor bo‘lishdi. Hozir ular hindu hamjamiyati bilan birgalikda qurbonlarni aniqlash bo‘yicha ma’lumot to‘plashmoqda.

«Biz Kanadadagi maktab-internat tizimining ko‘plab odamlarga olib kelgan fojia va qalbni g‘ash qiladigan zararidan xabardormiz. Bugungi kunda xayolimiz motam tutayotganlar bilan birga», — dedi Lapoint.

Kanada maktab-internat tizimining haqiqiy tarixi va merosini o‘rnatish uchun tashkil etilgan Milliy Haqiqat va Yarashtirish Markazi (NCTR) xabariga ko‘ra, maktabda 500 ga yaqin bola bo‘lgan. 1915-yildan 1963-yilgacha u yerda 51 bola vafot etdi. Umuman olganda, Kanadada 1830-yillardan oxirgi internat yopilgan 1996-yilgacha 150 mingdan ortiq bola maktab-internat tizimidan o‘tdi.

NCTR hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘rt mingdan ziyod bola ushbu tizimning qurboniga aylangan, ammo bu rasmiy raqamlar xolos, haqiqiy raqamlar «ko‘proq» bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Telekanal tomonidan keltirilgan hindu maktab-internatlari tizimining tadqiqotchisi Ellen Tyurpel-Lafondning so‘zlariga ko‘ra, «qoldiqlarning topilishi mahalliy xalqlarning ko‘p yillar davomida aytgan so‘zlarini tasdiqlaydi — maktabga borgan ko‘plab bolalar u yerdan qaytib kelishmagan».

Uning fikricha, maktab-internatlarning maqsadi mahalliy aholi bolalarini nazorat ostiga olish, ularning madaniy meroslarini yo‘qotish va oila bilan aloqani uzish bo‘gan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, bolalarning o‘limi hujjatlashtirilmagan, chunki ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik tufayli sodir bo‘lgan.

«Bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojia. Bu Kanada maktab-internat tizimi tub aholiga qilgan zo‘ravonlikning eng yorqin namunasidir. Bu vahshiyliklarning oqibatlarini bugungi kungacha his qilib kelmoqdamiz», — dedi Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi bosh vaziri Jon Xorgan.

Telekanal xabariga ko‘ra, aholi Vankuver san’at galereyasi zinapoyalariga bolalar poyabzali va o‘yinchoqlarini terib chiqib, olamdan o‘tgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring