Kanada hech qachon AQShning bir qismiga aylanmaydi — bo‘lg‘usi bosh vazir

Kanadaning hukmron Liberal partiyasi yangi yetakchisi, tez orada bosh vazir lavozimida faoliyat boshlovchi Mark Karni Qo‘shma Shtatlarga ishonmasligini aytdi.
Yakshanba, 9-mart kuni partiya qurultoyida so‘zga chiqqan Karni Kanada hech qachon AQShning bir qismiga aylanmasligini ta’kidladi, deyiladi CBC News xabarida.
Siyosatchi Donald Trampning bojlarini mamlakat uchun eng katta tahdid deb baholadi.
«Bilaman, biz endi ishonmaydigan mamlakat tufayli boshimizga bu tund kunlar tushdi. Kanada birlashib, bu karaxtlikdan o‘nglana oladi. Biz birgalikda inqirozni yengib o‘tamiz deb sizlarga va’da beraman», — dedi Karni AQSh joriy etgan yangi tariflar haqida so‘zlarkan.
2025-yilning 9-mart kuni hukmron Liberal partiya Kanada bankining sobiq rahbari Mark Karnini o‘ziga yangi yetakchi etib tanladi. U 2025-yil 20-oktyabrida o‘tkaziladigan navbatdagi parlament sayloviga qadar, tez kunlarda Kanadaning yangi bosh vaziri lavozimida ish boshlaydi.
Avvalroq Jastin Tryudo, yangi yetakchi saylanganidan so‘ng, Liberal partiya raisligidan ketishini va Kanada bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. U Kanada hukumatini 2015 yildan buyon boshqarib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter