«Jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat»da yanvar oyida uchinchi jurnalist o‘ldirildi
Meksikaning Tixuana shahrida jurnalist Lurdes Maldonado uyi yaqinida otib ketildi. Bu haqda «Euronews» xabar berdi.
Jurnalist federal hukumat muhofazasiga olingandi.
Bu yanvar oyi boshidan beri Meksikadagi uchinchi, Quyi Kaliforniya shtatidagi ikkinchi bor kuzatilayotgan OAV xodimining o‘ldirilishi.
Lurdes Maldonado qator ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib kelgan, so‘nggi paytlarda mahalliy yangiliklarni yoritish bilan shug‘ullanayotgandi.
2019-yili mamlakat prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador qatnashgan matbuot anjumanida so‘z olgan jurnalist ayol o‘z hayoti xavfsizligidan tashvishlanayotganini aytgandi.
O‘sha paytda Quyi Kaliforniya shtatining sobiq gubernatori Xayme Bonilya Valdes va Maldonado o‘rtasida uzoq yillik sud jarayonlari ketayotgandi.
O‘tgan hafta jurnalist, nihoyat, sud tugab, g‘alaba qozonganini ma’lum qilib, endi shtatning sobiq bosh prokurorini sudga berishini aytgandi.
Jinoyat olamidagi voqealarni yorituvchi fotojurnalist Margarito Martines 17-yanvar kuni Tixuanadagi uyi yaqinida otib ketilgan.
Undan oldinroq, 10-yanvar kuni Verakruzda siyosat va xavfsizlik mavzularini yorituvchi internet-portal rahbari, jurnalist Xose Luis Gamboa Arnas o‘ldirib ketilgan.
Meksika — jurnalistlar uchun dunyodagi eng xavfli mamlakat, 2021-yilda bu yerda yetti nafar jurnalist halok bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter