Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jirinovskiy Sibirga surgun jazosini tiklashni taklif qildi. Putin bunga munosabat bildirdi

Jirinovskiy Sibirga surgun jazosini tiklashni taklif qildi. Putin bunga munosabat bildirdi

Vladimir Putin joriy yil aprel oyida 75 yoshni qoralayotgan otdoshini navbatdagi orden bilan siylagan edi. Foto: RIA «Novosti»

Rossiya liberal-demokratlari yetakchisi Vladimir Jirinovskiy Sibirga surgun jazosini qayta tiklashni taklif qildi. Mazkur fikr prezident Vladimir Putinning mamlakatdagi partiya rahbarlari bilan 25-sentyabr kungi uchrashuvida bildirildi.

«Yaqinda mudofaa vaziri Sibirda yangi shaharlar qurilajagi haqida gapirdi. Biz bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaymiz. Faqat bir muammo: ishlash uchun odamlarni qayerdan topamiz? Biz surgun tushunchasini qayta tiklashni taklif etamiz. Qamoqxonalarimizda odamlar o‘tiribdi – 1000 rubl o‘g‘irlagan yoki mast holda janjal ko‘targan... Futbolchilar Mamayev va Kokorin yodingizdami? Ularga ikki-uch yilga qamoqqa yuborildi. Yaxshisi, ularni bir necha yilga Sibirga badarg‘a qilish kerak edi...» – degan V.Jirinovskiy.

Liberallar sarkori Rossiya qonunchiligiga ko‘ra «xorijiy agent» deb topilgan shaxslarni ham Sibirga majburan yuborishni taklif qilgan.

Prezident Putin Jirinovskiyning surgun orqali Sibirda ishchi kuchini ko‘paytirish taklifini ma’qullamagan. Rossiya rahbariga ko‘ra, bu o‘ta qattiq amaliyot samara bermaydi.

«Surgun orqali mehnat manbalarini ta’minlash bizning uslubimiz emas. O‘zingiz stalinizm davrini tanqid qilasiz-u, ayni choqda, surgunni taklif etamiz. Bu uslub samara bermasa kerak, qolaversa, bu o‘ta shafqatsizlik», – deb munosabat bildirgan V.Putin.

Sibirga surgun Rusiya imperiyasi hamda SSSR davrida qo‘llangan jazo turlari sirasiga kiradi. Xususan, bolsheviklar hukmronligi davrida minglab siyosiy mahkumlar mazkur sovuq mintaqaga badarg‘a etilgan.

O‘ta bahsli, kezi kelganda telba-teskari bayonotlari bilan tilga tushgan Jirinovskiy ko‘pda buyon SSSRni tiklash g‘oyasini bayroq qilib keladi. Nomi liberal, ammo amalda liberallikdan anchagina uzoq partiya yetakchisi joriy yil mart oyida «Govorit Moskva» radiostansiyasi efirida MDH mamlakatlari – sobiq SSSR respublikalarini Rossiya tarkibiga guberniya sifatida qo‘shilishga chaqirgan edi. Siyosatchi Kremlning MDH davlatlari bilan konfederatsiya, ittifoq kabi shakldagi munosabatlaridan ko‘ra ularning guberniya o‘laroq qo‘shilgani ma’qul ekanini urg‘ulagan.

Jirinovskiy Afg‘onistonda «Tolibon» harakati hokimiyatga kelishi munosabati bilan joriy yil 23-avgust kuni bergan bayonotida navbatdagi iddao bilan chiqdi. Liberallar sarkorining xomxayoliga ko‘ra, Afg‘onistonda fuqarolar urushi avj olgach, 2030 yilga borib Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya tarkibiga qo‘shilish taklifi bilan murojaat qiladi.

Avval xabar qilganimizdek, Jirinovskiy koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Rossiya chegaralarini yopishni ham taklif etgan, mintaqa davlatlari Xitoydan xavfliroq ekanini da’vo qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring