Janubiy Koreya parlamenti prezident vazifasini bajaruvchiga ham impichment e’lon qildi
Parlament prezident vazifasini bajaruvchi va ayni paytda bosh vazir bo‘lgan Xan Dok Suga nisbatan impichment uchun ovoz berdi.
MBC telekanaliga ko‘ra, parlamentdagi 192 kishidan iborat ko‘pchilik impichment uchun ovoz bergan.
Janubiy Koreya muxolifati payshanba kuni Xanga impichment e’lon qilish taklifi bilan chiqdi. Bu uning mamlakat konstitutsiyaviy sudiga uchta sudyani tayinlashdan bosh tortganidan keyin sodir bo‘ldi. Parlament nomzodlar uchun ovoz berdi, biroq Xan hukmron partiya va muxolifat siyosiy murosaga kelmaguncha ularni lavozimga tayinlashdan bosh tortdi.
Sobiq prezident Yun Sok Yolning impichmenti tasdiqlanishi sud tarkibiga bog‘liq. Sudyalar soni kam bo‘lsa, u prezident lavozimida qolishi uchun ko‘proq imkoniyatga ega.
Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz 3 dekabr kuni prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilganidan keyin boshlangandi. Natijada prezidentga impichment e’lon qilindi. So‘ng u vaqtinchalik lavozimidan chetlatildi.
Xan Dok Su prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lishidan oldin Bosh vazir lavozimida ishlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter