«Italiyalik Forrest Gamp» 450 kilometr va 400 yevroga tushdi
Italiyada bir erkak xotini bilan janjaldan so‘ng uyidan chiqib ketib, alamidan 450 kilometrni yayov bosib o‘tgani haqida «Torresette» nashri yozmoqda.
Komolik bu fuqaroni provinsiyalardan birida politsiya to‘xtatdi. Qattiq toliqqan erkak tartib posbonlari e’tiborini tortgandi. U politsiyachilarga xotini bilan janjaldan so‘ng uyidan chiqib ketganini aytgan. Hatto borar manzilni ham mo‘ljallab qo‘ygan ekan — avliyo Padre Pio qabri joylashgan San-Jovanni-Rotondo shaharchasi. Yo‘l-yo‘lakay hafta davomida suv va yegulikni o‘tkinchilardan olib turgan.
Bu orada «sayohatchi»ning xotini erining yo‘qolgani haqida politsiyaga murojaat qilishga ulgurgan. Albatta, erini topib berishdi, ammo uni bo‘linmadan chiqarib olish uchun 400 yevro to‘lashga to‘g‘ri keldi — chunki tungi komendantlik soati tartibini buzgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yayov italiyalikni Forrest Gamp (kinoqahramon)ga o‘xshatib hazillashishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter