Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiya sobiq ichki ishlar vaziri uzoq yilga qamalishi mumkin

Italiya sobiq ichki ishlar vaziri uzoq yilga qamalishi mumkin

Foto: «Tass.ru»

Italiya senati bosh vazirning sobiq o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Matteo Salviniga qarshi sud ishini ko‘rib chiqishga ruxsat berdi. U 2019-yil avgustda mamlakatga muhojirlarni kiritishdan rad qilgani uchun sud qilinadi, deya xabar berdi «BBC News».

«Shimol ligasi» o‘ngchilar partiyasi yetakchisi Salvini 100 dan ortiq insonni noqonuniy ushlab turganlikda ayblanmoqda: Shimoliy Afrikaning tub aholisi Lampeduza orolidagi portga yo‘lovchilarni tushirishga ruxsat bermagani uchun 19 kun davomida kemada qolishga majbur bo‘lgan.

Buning uchun siyosatchi 15 yilga qamalishi mumkin. Ta’kidlanishicha, unga qarshi yana bitta shunga o‘xshash ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Yevropaga muhojirlarni olib borayotgan bunday qutqaruv kemalari so‘nggi bir necha yil davomida bir necha marta Italiya qirg‘oqlariga kelishgan. Salvini bortida noqonuniy muhojirlar bo‘lgan kemani ushlab turish bo‘yicha yana bir holatga shaxsan javobgar.

«Italiyani himoya qilish — jinoyat emas. Men qilgan harakatlarimdan faxrlanaman», — degan Salvini yangi sud ishi haqidagi xabarga javoban.

2018-yil iyunda Italiya hukumati qutqaruv kemalariga O‘rta yer dengizida, hatto, halokat signalini yuborayotgan bo‘lsa ham, qochoqlarning qayig‘iga yordam berishni taqiqlab qo‘ydi. O‘shanda «Aquarius» kemasi hammaning e’tiborini jalb qilgandi. Uning bortida boshpana izlab kelgan 629 nafar muhojir, jumladan, 120 nafar voyaga yetmagan bola bo‘lgan. Biroq Salvini Sitsiliya portiga uni qabul qilishni taqiqladi. Pirovard natijada Ispaniya qochoqlar uchun Valensiyadagi portni ochib bergan.

Yevropada migratsiya inqirozi 2015-yilda avj oldi. Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda Italiya dengiz orqali kelgan eng ko‘p — 119 ming nafar muhojirni qabul qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring