Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbul 7 tepalikdan 7 iqlimga mujda yo‘llamoqda

Istanbul 7 tepalikdan 7 iqlimga mujda yo‘llamoqda

Foto:«Daily Sabah»

Bugun, 23-aprel kuni Turkiya zamonaviy tarixdagi muhim sanani bayram qilmoqda. Bundan roppa-rosa 100 yil avval, 1920-yilning 23-aprelida Anqarada shahrida mamlakat parlamenti – Buyuk millat majlisining ilk yig‘ini tashkil etilgan edi. Qonun chiqaruvchi idora raisligiga ozodlik harakati yetakchisi Mustafo Kamol rais etib saylangan. Zamonaviy parlament faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani mamlakat hayotida ulkan burilish yasab, erk, ozodlik va milliy birlik yo‘lidagi kurashlarda muvaffaqiyat keltirdi.

Koronavirus pandemiyasi sabab ushbu muhim sana kamtarroq shaklda nishonlanmoqda. 

Buyuk millat majlisi spikeri Mustafo Shentop Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga tashrif buyurib, uning xotirasiga hurmat bajo keltiradi.

100 yillik yubiley munosabati bilan parlamentning ilk mashvarati bo‘lib o‘tgan binoda maxsus yig‘in uyushtiriladi. Bayram tadbirlari doirasida mushakbozlik va lazer tomoshasi ham o‘tkaziladi.

23-aprel Turkiyada Milliy suverenitet va bolalar bayrami sifatida ham bayram qilinadi. Ushbu an’anaga ham Mustafo Kamol Otaturk tomonidan asos solingan.

Turkiya prezidenti huzuridagi Matbuot va kommunikatsiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, 23-aprel soat 19:00 da (O‘zbekiston vaqti bilan 21:00 da) Istanbulda o‘ziga xos madaniy shou uyushtiriladi. «7 tepalik shahri Istanbuldan 7 qit’aga mujdalar» deb nomlangan konsert tashkil etiladi. Ushbu konsert Matbuot va kommunikatsiya boshqarmasining YouTube kanali orqali namoyish etiladi.

Foto: Turkiya prezidenti matbuot boshqarmasi

Yunus Emroning «Dunyo mening rizqim, insoniyat mening millatim» degan mashhur hikmati bilan boshlanadigan madaniy dastur orqali san’atkorlar COVID-19 ofati bilan kurashayotgan butun dunyoga xayrixohlik va birdamlik mujdasini yo‘llaydilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring