Isroilning «quruqlikdagi operatsiyasi»ga AQSh ta’sir o‘tkazgani ma’lum qilindi
Qo‘shma Shtatlar Isroilning G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish rejalariga ta’sir ko‘rsatdi, deb yozadi Bloomberg manbalarga tayanib.
Hamasning hujumidan keyingi dastlabki kunlarda Isroil «havo, dengiz va quruqlikdan muvofiqlashtirilgan zarbalar»ni o‘z ichiga olgan operatsiyani amalga oshirishni rejalashtirgan. Biroq, harbiylar endi bu rejalar o‘zgarishi mumkinligini aytmoqda. Bloomberg ta’kidlashicha, dastlabki reja amerikalik siyosatchilar — prezident Jo Bayden, davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostinning Isroilga tashrifidan keyin o‘zgargan.
Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, Vashington operatsiya rejasiga G‘azo sektori tinch aholisi orasida qurbonlar sonini cheklash zarurati, shuningdek, operatsiyadan keyin nima bo‘lishi nuqtai nazaridan ta’sir ko‘rsatgan. Bularning barchasi tufayli operatsiya kechroq boshlanishi va uzoq davom etishi mumkin.
19 oktyabr kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil hukumati yaqin orada G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlashga buyruq berishini ma’lum qildi.
Isroilning uchta yuqori martabali mulozimlari agentlikka Isroilning Hamasga qarshi urushida AQShning roli va ta’siri avvalgidan ko‘ra kuchliroq ekanini aytgan.
Bayden 18 oktabr kuni, Hamasning hujumidan 11 kun o‘tib Isroilga tashrif buyurdi, Blinken va Ostinning tashriflari esa bundan oldinroq bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter