Isroil va HAMAS to‘qnashuviga oid maxfiy tafsilotlar o‘rtaga chiqdi
Isroil harbiylarining HAMAS harakati vakillari bilan to‘qnashuviga oid maxfiy tafsilotlar oshkor bo‘ldi.
Isroilning Haaretz gazetasi mamlakat xavfsizlik kuchlari tekshiruviga asoslanib xabar berishicha, 7 oktyabr kungi to‘qnashuvlarda yahudiy harbiylari jangovar vertolyotlar orqali falastinlik jangchilar bilan birga musiqa festivaliga kelgan o‘z aholisini ham o‘qqa tutgan.
Xabarga ko‘ra, vertolyot uchuvchilari omma orasidagi HAMAS jangchilarini ajrata olmay, o‘z vatandoshlariga ham o‘q otgan.
7 oktyabr kuni HAMAS jangchilari «Al-Aqso to‘foni» amaliyoti boshlanganini e’lon qilib, Isroil harbiylariga hujum uyushtirgan. Isroil huquq idoralari hujum vaqti musiqa festivali qatnashuvchilari ham o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi.
Ushbu hujumga javoban yahudiy davlati armiyasi G‘azoda havo va quruqlikda harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. Hozirga qadar 13 mingdan ziyod g‘azolik tinch aholi vakili qoni to‘kilgan.
Harbiy harakat boshlanishi bilan tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘yilgan G‘azo sektoriga tish-tirnog‘iga qadar qurolllangan bir necha ming Isroil askarlari kirgan. The Times of Israel nashri kuni kecha Isroil harbiylari G‘azoda tasodifan o‘z xizmatdoshlarini otib qo‘ygani haqida yozdi.
«Do‘stona otishma»dan qancha askar halok bo‘lgani ochiqlanmagan. Ammo bu holat tank qo‘shini va piyodalar ishtirokidagi amaliyotlarda kuzatilgani xabar qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter