Eron jahon hamjamiyatidan bu tajovuzkor harakatni qoralashni so‘raydi – Ismoil Baqoiy

Eron jahon hamjamiyatidan Isroilning mamlakatga tajovuzi hamda «tinch maqsadlarga yo‘naltirilganligi isbotlangan Eronning yadroviy dasturi»ga nisbatan amalga oshirilgan harakatlarni qoralashni so‘ramoqda.
Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy «Tehran times» gazetasida e’lon qilingan maqolasida Isroil rejimining mamlakatga hujumi va unga qarshi javob choralari haqida so‘z yuritadi.
Muallifning qayd etishicha, 2025-yil 13-iyun tongida boshlangan Isroil rejimining Eronga nisbatan keng ko‘lamli havo hujumi oldindan ogohlantirmasdan amalga oshirilgan.
«Bu harakat so‘zning to‘liq ma’nosida ochiq tajovuz hisoblanadi. Bu rejim havodan raketa va dron orqali muvofiqlashtirilgan hujumlar bilan aholi yashash hududlari, ijtimomiy infratuzilmalar, davlat muassasalari va Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) nazorati ostidagi yadroviy obyektlarni nishonga oldi.
Bu harakatlar xalqaro huquq, xususan, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari hamda BMT Nizomining ochiqdan-ochiq va qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi. Eng dahshatli holatlardan biri – bu turar joy binosiga qilingan Isroil hujumi natijasida 60 nafar tinch aholi, jumladan, 35 ayol va bola shahid bo‘lganidir. Harbiy operatsiyalarning yangi to‘lqinida ham bu rejim infratuzilmalar va sanoat obyektlarini nishonga olmoqda», – deydi muallif.
Baqoiy, shuningdek, bu hujum uchun asos sifatida «Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan bir necha bor tekshirilib, tinch maqsadlarga yo‘naltirilganligi isbotlangan» Eronning yadroviy dasturi keltirilayotgani, biroq bu obyektlar hozir ham xalqaro inspeksiyaning qat’iy nazorati ostida ekanini aytadi.
Qolaversa, u Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi BMT Xavfsizlik Kengashining so‘nggi favqulodda yig‘ilishidagi so‘zlaridan iqtibos keltirib, tinch maqsadlardagi yadroviy ob’yektlarga qilingan harbiy hujum BMT Nizomi, Agentlik Nizomi va xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini buzish ekanligini ta’kidlaydi.
«Isroil rejimi mustaqil davlatlarga qarshi noqonuniy kuch ishlatishda uzoq va asoslangan tajribaga ega. Tinch aholi, hayotiy ahamiyatga ega infratuzilma va xalqaro himoyadagi ob’yektlarga qasddan hujum qilish, bu rejimning BMT Nizomida qayd etilgan tamoyillarga nisbatan muntazam bee’tiborligini ko‘rsatadi. Yaqinda qilingan hujum – o‘ziga xos bir hodisa emas, balki bu rejimning xalqaro huquq tizimini doimiy ravishda buzish va bosim bilan o‘z manfaatlarini ilgari surish siyosatining bir qismi hisoblanadi. Bu yerda nafaqat qonun e’tiborsiz qoldirilmoqda, balki qasddan yo‘q qilinmoqda», – deydi Eron TIV rasmiysi.
Ismoil Baqoiy global huquq tizimi shubha ostida qolgan ayni paytda «huquqiy prinsiplarni tanlab qo‘llash va siyosiy manfaatlarni ustuvor qilish jahon tartibining asosiy qadriyatlariga – barqarorlik, javobgarlik va qonun ustuvorligiga tahdid solayotgani»ga urg‘u beradi.
U, shuningdek, Eron tomonining Isroil rejimi tajovuziga javobi BMT Nizomining 51-moddasida e’tirof etilgan o‘zini-o‘zini himoya qilish huquqiga mos kelishi hamda «xalqaro huquq qoidalariga to‘liq mos, asosli, zarur va mutanosib» tarzda amalga oshirilganini aytadi.
Eronlik muallif BMT Xavfsizlik Kengashining bu tajovuzkor harakatga qarshi qat’iy munosabat bildira olmaganini savol ostiga oladi. Jumladan, 1981-yilda Isroil tomonidan Iroqning Osirak yadroviy reaktoriga qilingan hujumdan keyin, Kengash 487-sonli rezolyusiyani qabul qilib, bu hujumni qoralaganini va tinch maqsaddagi yadroviy ob’yektlar daxlsizligini ta’kidlaganini eslaydi.
«Biroq bugun Kengash sukut saqlamoqda va muzokara jarayonlari siyosiy bosim hamda bir guruh kuchli davlatlarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli to‘xtab qolgan.
Eron jahon hamjamiyatidan bu tajovuzkor harakatni qoralashni so‘raydi va BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidlaydi. Milliy suverenitet muhokamaga qo‘yilishi mumkin emas. Agentlik nazoratidagi yadroviy ob’yektlar nishonga olinmasligi lozim. Kuch diplomatiya o‘rnini bosishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Isroil rejimi o‘z xatolari va qasddan qilgan provokatsiyalari orqali xalqaro munosabat qoidalarini o‘zgartirishga yo‘l topmasligi kerak. Tinchlik yo‘li javobgarlik bilan boshlanadi va xalqaro tizim buni amalga oshirish irodasiga ega ekanini namoyon etishi shart», – deyiladi maqola so‘nggida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter