Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani bekor qilish shartini aytdi
Falastinning HAMAS harakati barcha garovga olinganlarni ozod qilmasa va qurollarini tashlamasa, G‘azo sektorida Isroil mudofaa kuchlarining quruqlikdagi operatsiyasi o‘tkazilishi muqarrar. Bu haqda Isroil armiyasining xalqaro vakili Jonatan Konrikus ABC telekanalida ma’lum qildi.
«Agar HAMAS Isroil tinch fuqarolari orqasida yashiringan joylaridan chiqib, hozir garovga olingan 212 kishini qaytarib, so‘zsiz taslim bo‘lsa, urush tugaydi. <...> Agar ular buni qilmasalar, biz borib, buni (quruqlikdagi operatsiya) amalga oshiramiz», — dedi Isroil vakili.
Biroq Konrikus quruqlikdagi operatsiya nima uchun qoldirilgani haqidagi savolga javob bermadi va Isroil kuchlari «HAMASni to‘liq yo‘q qilishini» aytish bilan cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, Isroildagi urush 7 oktyabrdan beri davom etmoqda. HAMAS harakati kutilmaganda Isroilni o‘qqa tutgan va jangarilar mamlakat janubiy hududlariga bostirib kirib, odamlarni G‘azo sektoriga asirga olib keta boshlagan. So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS kamida 212 kishini garovda ushlab turibdi.
HAMAS Isroil armiyasi G‘azo sektoriga havo hujumlarini to‘xtatsa, barcha tinch aholi vakillarini bir soat ichida ozod qilishga tayyorligini bildirdi, deb xabar berdi NBC harakatning yuqori martabali amaldoriga tayanib. Shu bilan birga, asirlikdagi isroillik askarlarni ozod qilish evaziga HAMAS Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan barcha falastinliklarni ozod qilishni talab qildi.
Isroil rasmiylari G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bir necha bor ta’kidlagan. 19 oktyabr kuni mamlakat mudofaa vaziri bunday buyruq tez orada e’lon qilinishini aytgandi. Biroq Bloomberg nashri AQSh va Yevropa Ittifoqi garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan muzokaralarga vaqt yutish maqsadida harbiy operatsiya boshlanishini kechiktirish uchun Isroilga bosim o‘tkazayotganini yozgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter