Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Suriyadagi vaziyatdan foydalanib qolishga urinmoqda

Isroil Suriyadagi vaziyatdan foydalanib qolishga urinmoqda

Isroil tanki ishg‘ol ostidagi Jo‘lon tepaligi yaqinida.

Foto: Reuters

Damashqda Asad hokimiyati qulashi bilan Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi. Yahudiy davlati harbiylari yarim asrda ilk bor demilitarizatsiya zonasini kesib o‘tganini The New York Times gazetasiga Isroilning ikki rasmiysi tasdiqlagan.

Isroil Suriyaga qarashli Jo‘lon tepaligini 1967 yili Olti kunlik urush yakunida bosib olgan. 1974 yili Suriya va Isroil o‘rtasida harbiy kuchlarni ajratishga doir bitim imzolanib, 400 kvadrat km hududda bufer zona tashkil etilgan.

Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974 yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qilgan va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashni buyurgan.

«Biz biror bir dushman kuch chegaralarimizda paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», – degan yahudiy davlati bosh vaziri.

Netanyahu Suriya nazoratidagi bufer hudud Isroil tomonidan egallanganini «muvaqqat mudofaa chorasi» deb atagan.

Tel-Aviv Suriya janubidagi beshta qishloq aholisini «jangovar harakatlar davom etayotgani sabab uylarida qolish» haqida ogohlantirgan.

Misr, Iroq tashqi ishlar vazirliklari Isroil tomonidan Jo‘lon tepaligidagi bufer hududlar egallanganini xalqaro huquqning ochiq buzilishi deya qoralagan.

«Biz Suriya suverenitetini hurmat qilish, mamlakatning barqarorligi, birligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, shuningdek, uning ichki ishlariga aralashmaslik muhimligini ta’kidlaymiz. Xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT Xavfsizlik kengashini (Isroilning) bu harakatlarini qoralash va zarur choralar ko‘rishga da’vat qilamiz», – deyiladi Iroq TIV bayonotida.

Saudiya Arabistoni esa Tel-Avivning bu harakatini Suriyadagi barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi urinishlarga to‘sqinlik deb baholagan.

Isroil Shom o‘lkasidagi siyosiy beqarorlikdan foydalanib, Jo‘lon tepaligi yaqinidagi Suriya yerlarini egallashi yana bir bor xalqaro hamjamiyatni ushbu strategik hududga e’tibor qaratishga undamoqda.

Isroil 1967 yilda Suriyadan tortib olgan Jo‘lon tepaligini 1981 yilda bir tomonlama anneksiya qilgan. Ammo AQShni inobatga olmaganda dunyoning biror bir davlati Tel-Avivning Jo‘lon hududiga egaligini tan olmagan. 2019 yil 25 mart kuni AQShning 45-prezidenti Donald Tramp Isroilning Jo‘lon bo‘yicha suverenitetini e’tirof etgan.

Jo‘lon tepaligi xavfsizlik nuqtai nazaridan Isroil uchun strategik ahamiyatga ega. Damashqdan atigi 60 km uzoqlikdagi tepalik nazorati Isroilga nafaqat Suriya, boshqa qo‘shni davlatlar bilan munosabatda ham ustunlik beradi. Qolaversa, hudud suv manbalariga boy. Isroil suvga bo‘lgan salmoqli ehtiyojini Jo‘lon tepaligidagi buloqlardan qoplaydi.

Tel-Aviv Jo‘lon hududida allaqachon noqonuniy manzilgohlarni qurgan. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda 20 mingga yaqin yahudiy kelgindilari istiqomat qiladi.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu kuni kecha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Jo‘lon tepaligi umrbod Isroilning tarkibiy qismi bo‘lib qolishi»ni e’lon qilgan. 

Isroil so‘nggi kunlarda Suriya bo‘ylab aviazarbalar ham bermoqda.

Suriyada inson huquqlarini kuzatish markazi (SOHR) xabariga ko‘ra, yahudiy armiyasi so‘nggi 48 soat ichida Suriya harbiy salohiyatini yo‘q qilish uchun 250 ga yaqin aviazarba yo‘llagan. Hujumlar oqibatida Suriyaning turli muzofotlaridagi aerodromlar, tadqiqot markazlari, razvedka, bojxona va radioelektronika boshqaruv idoralari vayron qilingan, qurol-yarog‘ omborlari, radar va aloqa vositalari yo‘q qilingan.

Tel-Aviv iddaosicha, harbiy ob’yektlar va qurollar «muxolif kuchlar qo‘liga tushishi va Isroilga tahdid uyg‘otishi mumkin».

Tahlilchilar esa Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring