Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Imomali Rahmon noxush holatlar ortidan Rossiyaga komissiya yubordi

Imomali Rahmon noxush holatlar ortidan Rossiyaga komissiya yubordi

Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi Rossiyadagi mehnat muhojirlari yashash sharoitini o‘rganish uchun maxsus delegatsiya yubordi. Komissiya Novosibirsk, Yekaterinburg, Ufa, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida o‘rganishlar o‘tkazadi.

So‘nggi oylarda Rossiyada mehnat qilayotgan Tojikiston fuqarolarining turli bahonalar bilan hibsga olinishi holatlari ko‘paygan. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon shunga ko‘ra komissiya tuzib holatni o‘rganishni buyurgan.

Joriy yil may oyida Rossiya huquq idoralari vakillari Xabarovsk o‘lkasidagi universitetda tahsil olayotgan yuzdan ziyod tojikistonlik talabaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularni so‘roqqa tutgan.  Buning ortidan Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va unga holat yuzasidan hukumatning xavotiri yetkazilgan.

Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Komsomolsk kabi shaharlarda uyushtirilgan reydlarda ham ko‘p sonli tojikistonlik muhojirlar qo‘lga olingan, ularga nisbatan kuch ishlatilgan. Buning ortidan Tojikiston bosh prokurori Rahmon Yusuf Ahmadzod rossiyalik hamkasbiga maktub yo‘llab, huquq idoralari xodimlarining xatti-harakatini qonuniy baho berishni so‘ragan.

«Nezavisimaya gazeta»ga ko‘ra, Rossiya shaharlarida o‘tkaziladigan turli amaliyotlarda hujjatida kamchilik bo‘lmagan tojikistonliklar ham tez-tez qo‘lga olinadi.

Nashrning yozishicha, muhojirlarga nisbatan munosabatning yomonlashuvi sababli prezident Imomali Rahmon vaziyatni shaxsan nazoratga olib, Rossiyaga hukumat komissiyasini yuborishga qaror qilgan.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnovning fikricha, Rossiyada tojikistonlik migrantlar nobop sharoitlarda ham mehnat qilishga majbur bo‘lmoqda. Rossiyada jinoiy to‘dalar o‘rtasida nizolar va mehnat sharoiti bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra har yili 200 ga yaqin tojikistonlik vafot etadi.

Siyosatshunosga ko‘ra, Dushanbedan hukumat komissiyasi yuborilgani, birinchidan, vatandoshlarni himoya qilish istagi bilan izohlanadi. Ayni choqda, hukumat bu bilan o‘z reytingini ham mustahkamlashni ko‘zlagan. 

A.Dubnov Dushanbening ushbu siyosiy qadami «Markaziy Osiyo, xususan, Tojikiston fuqarolarini uchinchi sort deb atashdan uyalmaydigan rus shovinistlariga o‘ziga xos javob ekani»ni ham ta’kidlagan.

Shu kunlarda Rossiya Davlat dumasi mehnat muhojirlari uchun patent pulini to‘rt baravarga oshirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini tayyorlamoqda. Bu esa Markaziy Osiyoning ko‘p millionli migrantlari daromadiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Rossiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarim yilida 1,28 million tojikistonlik migratsiya hisobidan o‘tgan. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 30-40 foizi mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalari hisobidan shakllanishi aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘tgan yili Rossiya rahbari Vladimir Putinga qattiq e’tiroz bildirib, sobiq Ittifoq rahbarlariga o‘xshab siyosat yuritmaslikni so‘ragan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring