Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindiston: 150 million kishi bir daryoda cho‘milish uchun yig‘ilmoqda

Hindiston: 150 million kishi bir daryoda cho‘milish uchun yig‘ilmoqda

Foto: Praveen Khanna

Hindistonda Kumbha mela – Ko‘za bayrami munosabati bilan hinduiylik diniga e’tiqod qiluvchi 150 milliondan ziyod kishi bir joyda yig‘ilishi kutilmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda xastaliklar soni yanada oshishidan xavotir bildirgan.

Kumbha mela bayrami an’anaviy ravishda Hindistonning Allohobod, Haridvar, Nashik va Ujjayn kabi to‘rt shahrida o‘tkazib kelinadi. Diniy marosimlar bu yil Haridvar shahrida o‘tishi rejalashtirilgan.

Kumbha mela bayrami davomida millionlab hinduiylar o‘z muqaddas qadamjolarini ziyorat qiladi va bitta daryoda cho‘miladi. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, Gang, Shipra, Godovari kabi muqaddas daryolarda cho‘milish orqali gunohlardan xalos bo‘lish mumkin.

An’anaga ko‘ra ushbu bayram kunlari har yili millionlab odam bir yerga jamlanadi. Masalan, 2013- yili Kumbha mela bayrami kunlari Allohobodga 120 million kishi tashrif buyurgan. Ulkan izdihom yig‘ilgan paytda fojialar ham tez-tez ro‘y berib turadi, tiqilinchda odamlar bir-birini bosib-yanchib tashlashi holatlari ko‘p kuzatiladi.

Dehli hukumati karantin davrida ko‘p sonli aholining bir joyda yig‘ilishi, boz ustiga, bir daryoda cho‘milishi koronavirusning yanada ko‘proq tarqalishiga sabab bo‘lishidan xavotirda. Shu sabab Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi bu yilgi diniy marosimlarga mezbonlik qilayotgan Uttarakhand shtati ma’muriyatiga sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida topshiriq bergan. Ammo kuzatuvchilar bu qadar ko‘p sonli aholi yig‘ilgan sharoitda sanitariya qoidalariga rioya etish imkonsiz ekanini aytmoqda.

Ayni paytda Hindiston Covid-19 xastaligi tarqalishi bo‘yicha dunyoda uchinchi, o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa to‘rtinchi davlat bo‘lib turibdi. Hozirga qadar 11,6 milliondan oshiq aholi koronavirus yuqtirgan, 160 ming nafardan ortiq odam ushbu xastalikdan vafot etgan. Shu kunlarda virus tarqalishi yanada tezlashgan. So‘nggi vaqtlar mamlakatda kuniga 43 mingta yangi kasallanish holati va qariyb 200 ta o‘lim holati qayd etilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring