Hibsga olingan militsiya ofitseri qamoqxonada qahramon kabi kutib olindi. U nima karomat ko‘rsatgan edi?
Yaqingacha Belarus ichki ishlar vazirligi tizimida kamtarona faoliyat yuritib kelgan kapitan Yegor Yemelyanov bir kunda mashhur bo‘lib ketdi.
Xabaringiz bor, Belarusda bir haftadan buyon prezidentlik saylovi yakunlariga qarshi ko‘p ming sonli namoyish va ish tashlashlar davom etmoqda. Namoyishlar davomida Belarus IIVning maxsus bo‘linmalari tomonidan tinch aholiga qarshi kuch ishlatildi, minglab kishi hibsga olindi. Hamkasblarining o‘z vatandoshlariga qilayotgan zo‘ravonligidan vijdoni azobda qolgan kapitan Yegor Yemelyanov iste’fo berdi, IIV tizimidan o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shaganini e’lon qildi. Instagramdagi sahifasida o‘z pogoni va guvohnomasi suratini e’lon qilgan zobit «17 yillik xizmat poyoniga yetdi... Vijdonim pok... Militsiya xalq bilan» degan so‘zlarni ilova qildi. Militsiya ofitserining bu qarorini yuz minglab odam qo‘llab-quvvatladi.
«Ushbu qonunsizlikka bosh qo‘sha olmayman. Men o‘z xalqim o‘ldirilayotgani, kaltaklanayotgani va tahqirlanayotganini jim kuzatib turolmayman. Men xalqimni himoya qilish uchun qasamyod qabul qilganman. Burchimni halol va astoydil bajarar ekanman, minba’d hokimiyat yoki boylikni o‘ylamadim», – deb o‘z qarorini izohlagan Ye.Yemelyanov.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Ye.Yemelyanov ushbu xatti-harakati bilan zo‘ravonlik yo‘lini tutgan hamkasblari yuziga tarsaki urgandek bo‘ldi. Shu bois iste’fo berganining ertasi kuniyoq kapitanni ommaviy namoyish o‘tkazishda ayblab hibsga olishdi. 36 yoshli sobiq zobitning hikoya qilishicha, qamoqda mahbuslar uni qahramon kabi olqishlar bilan kutib olishgan.
Lekin pirovardida sog‘lom aql g‘alaba qozongan. Sud Ye.Yemelyanovni aybsiz deb topib ozodlikka chiqargan. Oilasi (uning ikki norasida farzandi bor) taqdiridan xavotirga tushgan sobiq ofitser Belarusni tark etishi mumkinligini aytgan.
Ye.Yemelyanov tinch aholiga nisbatan kuch ishlatilganiga norozilik ifodasi sifatida iste’fo bergan yagona ofitser emas. O‘tgan bir hafta ichida IIV tizimidagi o‘nlab xodimlar, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalari jurnalistlari iste’fo berdi. Ijtimoiy tarmoqda kuch ishlatar tuzilmaning amaldagi hamda iste’fodagi vakillari tomonidan xizmat formasini namoyishkorona chiqindi qutisiga tashlash holati aks etgan videolavhalar tarqaldi.
Eslatib o‘tamiz, 9-avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko 80,1 foiz, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa 10,1 foiz ovoz to‘plaganini e’lon qildi. Rasmiy hisob-kitoblar e’lon qilinishi ortidan butun mamlakat ommaviy namoyishlar to‘lqini domida qoldi.
Ayni paytda namoyishchilar Belarusni 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenkodan iste’foga chiqishi hamda Svetalana Tixanovskayani yangi prezident sifatida tan olishini talab etmoqda.
Tixanovskayaning o‘zi MSKda 7 soat davomida ushlab turilishi ortidan Litvaga ketishga majbur bo‘ldi. Birlashgan muxolifat yetakchisi bo‘lib turgan siyosatchi ayol Litvadan turib yo‘llagan videomurojaatida kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan xalqqa zo‘ravonlik qilinayotgani qoralagan va tarafdorlarini mamlakat bo‘ylab tinch namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.
Avval xabar berganimizdek, S.Tixanovskaya saylov arafasi bergan intervyusida ovoz berish yakunlari soxtalashtirilgudek bo‘lsa, tinch namoyishlar orqali kurashga va’da bergan edi.
14-avgust kuni Yevropa ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Belarusdagi vaziyat yuzasidan navbatdan tashqari videomashvarat o‘tkazdi. YeI prezident saylovi adolat va erkinlik tamoyillariga zid o‘tdi, ovoz berish natijalari soxtalashtirildi deya xulosa berdi. Rasmiy Bryussel saylov natijalarini soxtalashtirgan va namoyishchilarga zo‘ravonlik qilganlarga nisbatan sanksiyalar joriy etilishini ma’lum qildi.
Ayni choqda, AQSh qonunchilik idorasi a’zosi, senator Lindsi Grem ham rasmiy Minskka qarshi jazo choralari qo‘llash lozimligini ta’kidlamoqda.
Aleksandr Lukashenkoning o‘zi mamlakat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida norozilik namoyishlarini xorijdagi kuchlar amalga oshirayotganini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter