HAMAS Trampning tahdidiga javob qaytardi

Falastinning HAMAS harakati AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini «jahannamga aylantirish» xususidagi tahdidiga javoban tahdid va po‘pisalardan hech kimga naf yo‘qligi haqida bayonot berdi.
Avval xabar berganimizdek, kuni kecha HAMAS isroillik garovga olinganlarni ozod qilish to‘xtatilganini e’lon qildi. Harakat bu qarorga Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzgani sabab bo‘lganini aytdi.
Prezident Donald Tramp holatga aralashib, Falastin harakati 15 fevral kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni ozod qilmasa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bekor qilinishi va haqiqiy do‘zax boshlanishini aytib tahdid qildi.
«Tramp har ikki tomon hurmat qilishi lozim bo‘lgan bitim borligini tushunishi kerak. Bu (bitimga hurmat ko‘rsatish) asirdagilarni qaytarishning yagona yo‘lidir», – degan HAMASning vakili Sami Abu Zuhri.
Harakat vakili tahdid usuli hech qanday foyda keltirmasligi, aksincha, vaziyatni yanada murakkablashtirishidan ogohlantirgan.
19 yanvardan kuchga kirgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga muvofiq, 42 kun davom etadigan birinchi bosqich doirasida Isroil garovdagi 33 fuqarosini qaytarib olishi, buning evaziga qamoqxonalardagi qariyb 2000 falastinlikni qo‘yib yuborishi lozim edi.
Hozirga qadar amalga oshirilgan besh almashuv davomida 21 nafar isroillik asir va 730 dan ziyod falastinlik ozod qilindi.
Falastin tomoniga ko‘ra, Isroil otashkesim bitimining bir necha bandini buzmoqda. Birinchidan, Isroil G‘azo sektori aholisini o‘ldirishda davom etmoqda. Ochlik domida qolgan G‘azo ahliga 12 mingta yuk mashinasida insonparvarlik ko‘magi yetkazilishiga kelishilgani holda 8500 ta mashina o‘tishiga ruxsat bergan.
G‘azo sektoridagi uy-joylar vayron etilgani ma’lum. Bitimning birinchi bosqichida Isroil G‘azoga 200 ming dona chodir, 60 mingta ko‘chma uy olib o‘tishga ruxsat berishi ko‘zda tutilgandi. Falastin tomoni ma’lum qilishicha, hozirga qadar faqat 20 mingta chodirga ruxsat berilgan, ko‘chma uylardan esa bir dona ham olib o‘tilmagan.
Bundan tashqari, hozirga qadar Isroil G‘azo sektoridan 1000 ga yaqin bemor olib chiqilishiga ruxsat berishi lozim bo‘lgani holda, atigi 120 nafar bemorga ijozat tekkan.
Isroil armiyasi G‘azodagi vayronalarni tozalash va tibbiy muassasalarni tiklash uchun kerakli vositalarni kiritishga ham to‘sqinlik qilayotgani aytilmoqda.
HAMAS harakati Isroil g‘azoliklarning janubdan shimolga qaytishiga xalal berayotganini ham tanqid qilgan.
2023 yil 7 oktyabrdan boshlangan urush davomida G‘azo bo‘lgasida 48 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi, minglab odam bedarak yo‘qoldi. Agar tomonlar o‘zaro kelishmasa, qirg‘inbarot yana qayta boshlanishi ham mumkin. Isroilning radikal qarashli siyosatchilar hozirdanoq G‘azoga hujumni qayta boshlashga chaqirmoqda.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu ham HAMAS garovga olinganlarni shanba kuni (15 fevral) tushga qadar qaytarmasa, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi janglarni qayta boshlashini aytgan.
O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitimda asosiy kafillardan bo‘lgan AQSh prezidenti Tramp esa goh G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 2 million aholisini qo‘shni davlatlarga ko‘chirish, goh zulm ostida qolgan hududni ko‘chmas mulk sifatida qo‘lga kiritish lozimligi haqida xalqaro huquqqa ham, insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydigan havoyi tashabbuslar bilan andarmon bo‘lib yuribdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter