Gruziya favqulodda vaziyatdan chiqdi
Gruziyada 23-maydan (mahalliy vaqt bilan soat 00.00 dan boshlab) favqulodda vaziyat va komendantlik soati bekor qilindi.
Favqulodda vaziyat koronavirus pandemiyasi tufayli mart oyidan joriy etilgandi.
Mamlakatda 23-maydan boshlab 70 yoshdan kattalarga ko‘chaga chiqishga, avtomobilda bir paytning o‘zida uch kishi ketishiga (ikki nafari orqa o‘rindiqda o‘tirishi shart) ruxsat beriladi. Biroq mamlakat fuqarolari yopiq inshootlarda niqob taqib yurishga majbur, 10 nafardan ortiq inson bir joyda to‘planishi mumkinmas.
Kafelar, restoranlar, barlar, poyabzal va kiyim-kechak do‘konlari, yirik savdo markazlari, basseyn va sport zallari hozircha yopiq.
Gruziya bosh vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Irakliy Chikovanining aytishicha, mamlakat o‘z vaqtida qo‘llagan chora-tadbirlar cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlash va favqulodda vaziyatni bekor qilish imkonini berdi.
Ma’lumot uchun: Gruziya — sobiq ittifoq mamlakatlari orasida (Turkmanistonni istisno qilganda) koronavirusdan eng kam talafot ko‘rgan mamlakat: virusni yuqtirish bo‘yicha 723 ta holat qayd etilgan, bemorlarning 495 nafari sog‘ayib ketgan, qurbonlar — 12 nafar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter