Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoda qatliom ro‘y bermoqda – BMT maxsus ma’ruzachisi

G‘azoda qatliom ro‘y bermoqda – BMT maxsus ma’ruzachisi

Isroil bombardimonida halok bo‘lgan bolalar. Xon Yunus shahri.

Foto: The New York Times

BMTning salomatlik huquqi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Tlaleng Mofokeng qamaldagi G‘azo sektorida Isroil harbiylari tomonidan amalga oshirilayotgan zo‘ravonliklarni shubhasiz genotsid deb atadi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda inson huquqlari, xususan, sog‘liqni saqlash sohsida ko‘plab jiddiy qonun buzilishlari ro‘y bermoqda.

«O‘tgan vaqt davomida biz ochlik urush quroli sifatida qo‘llanganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, tibbiy xodimlarimizning o‘limini ko‘rdik. Ya’ni Isroil hukumati xalqaro huquq va gumanitar huquqqa muvofiq ularni munosib himoya qilmadi. Bu muttasil ro‘y berayotgan zo‘ravonlik harakatlariga birgina misol, xolos. (G‘azoda) misli ko‘rilmagan vayronagarchilik sodir bo‘ldi», – deydi Tlaleng Mofokeng.

Maxsus vakil G‘azo sog‘liqni saqlash tizimi Isroil harbiy amaliyoti oqibatida butkul izdan chiqqaniga e’tibor qaratgan.

«Ayni paytda (G‘azo sektorida) ro‘y berayotgan hodisa shubhasiz genotsiddir. Sud bu borada hukm chiqarishini kutib o‘tirish shart emas. Gap shundaki, Xalqaro sud faoliyatida jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha turli protsesslar ko‘zda tutilgan. Isroil hukumati genotsid aktini sodir etishiga ko‘plab ittifoqchilari imkon  yaratib berdi, shuningdek, u millirdlab dollar moliyaviy ko‘mak bilan siylandi.  Hatto BMT  Xavfsizlik kengashida ham Isroilni javobgarlikdan xalos etishni ko‘zlagan siyosiy kuchlar bor», – deydi maxsus ma’ruzachi.

Kuni kecha BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ham Isroil armiyasining Rafah shahriga hujumi oqibatida bolalar va ayollar o‘ldirilganini qoralagan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Isroil HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon o‘tgan 201 kun davomida 34262 nafar falastinlik halok bo‘ldi,  77229 nafari jarohatlandi.

Ayni paytda Haaga shahrida joylashgan Xalqaro sudda JARning Isroilga qarshi genotsid bo‘yicha da’vosi ko‘rilmoqda. Yahudiy davlati harbiylari 1948 yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Isroil tomonidan G‘azoda genotsid jinoyati sodir etilganini tasdiqlovchi dalillarni yiqqan xalqaro advokatlar guruhi bosh vazir Binyamin Netanyahuni hibsga olish rejasini oshkor qilgan edi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Isroilni xalqaro gumanitar huquqni buzish, falastinliklarni ommaviy jazolashda ayblamoqda. BMTning Falastin bo‘yicha maxsus vakili Francheska Albanezega ko‘ra, Isroil agressiyasining oqibatlari shu qadar kattaki, uni G‘azoning kelajak aholisi ham o‘z tanasida his etadi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa G‘azo sektorida halokatli ocharchilik xavfi yuzaga kelgani haqida bong urib keladi.

Ayni paytda G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring