Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoda Isroil hujumidan vafot etganlar soni 24 mingdan oshdi

G‘azoda Isroil hujumidan vafot etganlar soni 24 mingdan oshdi

G‘azo sektorida Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 24 448 nafarga yetdi. Bu haqda Falastin anklavining sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ushbu bosqinda Falastin aholisining 61,5 mingdan ortig‘i jarohat oldi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16-yanvar kuni Isroil va HAMAS Qatar hamda Fransiya vositachiligida gumanitar yordam masalasida kelishuvga erishdi.

Unga ko‘ra, HAMAS G‘azoga qo‘shimcha insonparvarlik yordami evaziga isroillik garovga olinganlar uchun tibbiy buyumlarni qabul qiladi.

Qatar TIV rasmiy vakili doktor Majed bin Muhammad Al-Ansoriyning aniqlik kiritishicha, gumanitar yordam bugun, 17-yanvar kuni Dohadan Misrga ikkita harbiy samolyot orqali jo‘natilishi va u yerdan G‘azo sektoriga o‘tkazilishi kerak. Yuk orasida G‘azodagi tinch aholiga tarqatiladigan oziq-ovqat va garovga olinganlar uchun dori-darmonlar bo‘ladi.

12-yanvar kuni Isroil bosh vaziri idorasi garovga olinganlarga dori-darmonlarni topshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi.

7-oktyabr kuni Isroilga hujum paytida garovga olingan 132 dan ortiq odam HAMAS qo‘lida qolayotgani taxmin qilinadi. O‘sha kuni hammasi bo‘lib 240 ga yaqin odam garovga olingan va shu kunga qadar garovga olinganlarning ba’zilari o‘z uylariga qo‘yib yuborilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring