Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azo: bomba ostida qolgan qizaloqning kundaligidagi yozuv...

G‘azo: bomba ostida qolgan qizaloqning kundaligidagi yozuv...

G‘azo qirg‘inbarot, ochlik, tashnalik va umidsizlik makoniga aylanganiga salkam bir oy bo‘lmoqda. Isroil HAMASning hujumiga javoban bomba yog‘dirishda davom etmoqda, qamaldagi hududga harbiy bo‘linmalar ham kiritilgan. Yahudiy davlati harbiy kuchlari G‘azodagi masjid, maktab, shifoxona kabi maskanlarga ham zarba bermoqda.

Xalqaro tashkilotlar Falastinda tinch aholi vakillari, bolalar va ayollar o‘limi shiddat bilan oshib borayotganidan jiddiy xavotirda.

BBC nashri so‘nggi kunlarda Isroil bombardimonidan halok bo‘lgan bir necha tinch aholi vakillari haqida maqola chop etdi. Ular orasida hali bolalikning zavqiga to‘ymagan norasidalar, o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan qizaloqlar bor.

Yusuf Abu Muso, 7 yosh

2007-yildan beri qamal holatida yashayotgan G‘azoda elektr energiya jiddiy muammo sanaladi. Bu jihatdan  7 yoshli Yusuf va uning 9 yoshli akasi Hamid va 13 yoshli opasi Jura o‘zlarni baxtli his etishardi. Gap shundaki, Xon Yunusdagi shifoxonada rentgenolog bo‘lib ishlaydigan otalari Muhammad Abu Muso uy tomiga quyosh panellari o‘rnatgan, bolalar chiroq o‘chganda ham bemalol multfilm tomosha qilishar edi.

15-oktyabr kuni ham opa-ukalar televizor ko‘rib o‘tirgan edi... Isroil armiyasi ularning uyiga raketa zarbasi beradi. Jura va Hamid mo‘’jiza tufayli jarohat oladi, xolos. Yusuf esa halok bo‘ladi.

O‘sha mash’um tunda oila boshlig‘i Muhammad Abu Muso shifoxonada navbatchilikda edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Jingalak sochli o‘g‘lim qani?» deya jigarporasini qidirib yurgan onaning videosi ko‘pchilikni larzaga soldi.

«Men o‘g‘lim Yusufni so‘nggi marta ishga otlangan paytimda ko‘rdim. U xonadonimiz ostonasida yugurib kelib meni quchoqladi. Yuzimdan o‘pib xayrlashdi. Unga pechene va banan berdim. O‘g‘lim shifokor bo‘lishni orzu qilardi», – deydi marhum bolakayning otasi.   

Shifokor Midat Saydam, 47 yosh

G‘azodagi «Al-Shifo» shifoxonasi jarrohi Midat Saydam 15-oktyabr kuni haddan ziyod charchagan edi. Bemorlar ko‘pligidan 47 yoshli shifokor bir hafta davomida uyga bormay ishlayotgandi.

Hamkasblariga uyga borib biroz dam olib kelaman deb ketgan Midat Saydam bir necha soatdan keyin Isroil bombasidan halok bo‘ladi. Uning uyiga ham raketa kelib tushadi.

«Ertasi kuni og‘ir-vazmin, quvnoq va oqko‘ngil hamkasbimiz shifoxonaga qaytib keldi, faqat tirik emas, balki jasad holida», – deydi doktor Adnan Albursh.

Hamkasblari uzoq yillardan beri jarrohlik qilib kelgan Midat Saydamning bevaqt o‘limi nafaqat «Al-Shifo» shifoxonasi, balki tibbiyot uchun katta yo‘qotish bo‘lganini aytgan.  

Nur Yusuf al-Harma, 17 yosh

17 yoshli Nur 11-oktyabr kuni Dayr al-Balahdagi (G‘azo shahridan 14 km janubda) uyida Isroil aviahujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Nur bilan birga mehmonxonada o‘ynayotgan jiyani Yazan ham o‘ldirilgan. Onasi Jamalat va ikki opasi tirik qolgan.

Maktabda bitiruvchi sinfda o‘qiyotgan Nur shifokorlikni orzu qilgan. Qizaloqning vayronalar ostidan olib chiqilgan maktab papkasi ichidan uning kundaligi topilgan. «Oilam men bilan faxrlanishini istayman. Inshaalloh, imtihonlarni «a’lo»ga topshiraman», – deb yozgan ko‘nglida bir dunyo orzulari bo‘lgan qiz. 

Lurin Azzam Abuhalima, 30 yosh

30 yoshli Lurin ota-onasi bilan yashagan G‘azodagi uy so‘nggi haftalarda ikki marta aviahujumga nishon bo‘ldi, umridan bor ekan, u ikki bor tirik qoladi. Keyin G‘azo markazidagi Nusayrat qochqinlar lageriga keladi. Kiprda ishlaydigan qallig‘i Xolid al-Masriyning hikoya qilishicha, Luri ibodat qilayotgan vaqtida qochqinlar lageriga ajal jarchisi –  bomba kelib tushgan. Lurin va Xolid dekabr oyida oila qurmoqchi edi.

Fikriya Hasan, 65 yosh

65 yoshli chevar Fikriya xolani G‘azoning Radvan tumanidagi  ayollar juda yaxshi tanir edi. Ko‘ylak tikib ko‘pchilikning olqish-duosini olib kelgan ayol edi u.

«Uyimizdan kelinchaklarning qadami uzilmasdi. Onam qo‘ligul chevar edi», – deb xotirlaydi marhumaning qizi Nevine.

Fikriya Hasan o‘z uyida 23-oktyabr kuni o‘ldirilgan. Aviahujum uning ukasi, singlisi, ikki jiyani va ikki nabirasi hayotiga ham zomin bo‘lgan. O‘sha paytda do‘stinikida bo‘lgan qizi Nevine tirik qolgan. 

Aka-uka Mazen va Ahmad Abu Assi, 17 va 13 yosh

Aka-uka Mazen va Ahmad Abu Assilar «Al-Ahli» shifoxonasiga bomba tashlangan mash’um 17 oktyabr kuni halok bo‘lgan. O‘sha kecha yuzlab tinch aholi vakillarining yostig‘i qurigan edi.

Otasi Arafot ikki o‘g‘lining fe’l-atvori turlicha bo‘lgani, ammo ular bir-biriga juda mehribon bo‘lganini eslaydi.

Mazen oilaning Allohdan tilab olgan farzandi edi. Er-xotin u dunyoga kelishi uchun 8 yil davomida EKU – sun’iy urug‘lantirish muolajalarini olgan edi.  

13 yoshli Ahmad ham hayotning achchiq-chuchugini erta tatigan edi.

Ikki farzandini tuproqqa qo‘ygan ota-onaning Faraj 3 yoshli ismli o‘g‘li qoldi, xolos. 

«Kenjam akalarini sog‘inib yig‘lagani yig‘lagan. Unga akalaringni Alloh jannatga olib ketdi dedim. U yerda mening jasur o‘g‘lonlarim endi azob-uqubat ko‘rmay yashaydi», – deydi Arafot ota.   

Salam Mema, 32 yosh

Falastinlik jurnalist 32 yoshli Salam Mema 10 oktyabr kuni o‘z uyida o‘ldirilgan. Falastin jurnalistlar uyushmasiga ko‘ra, uning Jabaliyadagi uyi Isroil harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgan. Hujum vaqtida Salamning eri, 7 yoshli o‘g‘li Hodiy, 2 yoshli qizi Sham va boshqa yaqinlari halok bo‘ldi. Jurnalistning 5 yoshli o‘g‘li Ali yetim qoldi.

AQShdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga qaraganda, 7-oktyabrdan 3- noyabrga qadar 36 nafar jurnalist halok bo‘ldi.  

Safo Nezar Hassuna, 26 yosh

26 yoshli dorixonachi Safo 17-oktyabr kuni Rafah shahriga uyushtirilgan aviahujum oqibatida dunyoda ko‘z yumdi. O‘sha kuni uning eri va uch oyli qizi Elyana ham halok bo‘ldi.

Safoning Britaniyada yashaydigan amakisi, nafaqadagi vrach Umar Hassuna jiyanining o‘limini dahshatli adolatsizlik deb atagan.

«Safo xushmuomala qiz edi, hammaga ko‘makka oshiqardi. Jondan aziz jiyanimdan ayrildi. Uning o‘limi G‘azoning tinch aholi vakillari o‘limi kabi dahshatli adolatsizlikdir», – deydi Umar Hassuna.

HAMASni butkul yo‘q qilishni ko‘zlagan Isroil kuchlari G‘azoga havo va quruqlik orqali hujumlar uyushtirmoqda. 2,3 million nufusli mintaqa suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.

Bu yerda tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo bolalar uchun qabristonga aylangani haqida bong urdi.

BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi G‘azo aholisi do‘zaxiy sharoitda qolganidan ogohlantirdi. Oliy komissarga ko‘ra, ayni paytda G‘azoda bombadan ihotalanish mumkin bo‘lgan joy yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring