Garovga olingan prezident «Vagner» tahdidi haqida gapirdi
Niger Respublikasining harbiy to‘ntarish yo‘li bilan hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Muhammad Bazum The Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasida dunyo hamjamiyatidan ko‘mak so‘radi.
O‘z maqolasini «Ushbu satrlarni garovband shaxs sifatida yozmoqdaman» deya boshlagan Muhammad Bazum AQSh hukumati hamda xalqaro hamjamiyat Nigerdagi konstitutsiyaviy tuzumni qayta tiklashda ko‘mak berishi muhimligini ta’kidlagan.
Hozirda harbiylar qo‘lida garovda qolayotgan siyosatchi Nigerdagi isyonchilar qo‘shni Mali, Burkina Faso davlatlari kabi Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy shirkati bilan hamkorlik qilmoqchi ekanidan ogohlantirgan.
«Butun Markaziy Saxel mintaqasi «Vagner» guruhi orqali Rossiya ta’siriga tushib qolishi mumkin. Ular Ukrainada shafqatsiz terror usullarini qo‘llagani ma’lum», – deb yozadi Muhammad Bazum.
Niger Saxel mintaqasida terrorizmga qarshi kurashda G‘arbning muhim ittifoqchisi bo‘lib kelgan. Ushbu mamlakatda Fransiya va AQShning harbiy bazasi ham mavjud. 2021-yilda Mali harbiy rahbariyati Rossiyaning «Vagner» shirkati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygach, Fransiya bu yerdagi aksilterror markazini Nigerga ko‘chirishga majbur bo‘lgan edi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 26-iyul kuni Nigerda prezident gvardiyasi xizmatchilari davlat rahbari Muhammad Bazumni hibsga oldi. Armiya isyonchilar bilan muzokaralar olib borishga urindi, biroq ular prezidentni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi.
Bu orada isyonchi harbiylar prezident Bazum hokimiyatdan ag‘darilgani va davlat chegaralari yopilganini bildirdi.
28-iyul kuni Vatanni muhofaza etish bo‘yicha milliy kengash (harbiy xunta) tomonidan Prezident gvardiyasi qo‘mondoni, general Abdurahmon Tchiani muvaqqat hukumat rahbari deb e’lon qilindi.
30-iyul kuni Nigerda olomon Fransiya elchixonasi binosiga o‘t qo‘ydi.
«Yashasin Rossiya!», «Yashasin Putin!», «Fransiya yo‘qolsin!» deb baqirgan namoyishchilar mamlakatdagi xorijiy harbiy bazalarni yopishni talab qildi.
BMT, Yevropa ittifoqi, Afrika ittifoqi, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati, AQSh, Jahon banki harbiy to‘ntarishni qoralagan. Aksar davlatlar 2021-yildan buyon Nigerga rahbarlik qilayotgan Muhammad Bazumni qonuniy prezident deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Niger – Fransiyaning sobiq mustamlakasi. G‘arbiy Afrikada joylashgan o‘lka dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri sanaladi. 23 million nufusli mamlakatning 80 foiz hududi cho‘l mintaqasidan iborat. Aholi asosan qishloq xo‘jaligi va foydali qazilmalar hisobidan kun ko‘radi. Jumladan, jahon uran zaxirasining 7 foizi Nigerda.
Harbiy to‘ntarish Nigerda Kremlning ta’siri oshishi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Avvalroq Human Rights Watch tashkiloti Rossiyaga aloqador harbiylarni Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) noqonuniy qatllar va zo‘ravonliklar amalga oshirishda ayblagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter