Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyada otib o‘ldirilgan o‘smirning buvisi murojaat bilan chiqdi

Fransiyada otib o‘ldirilgan o‘smirning buvisi murojaat bilan chiqdi

Fransiyadagi tartibsizliklar bir necha kundirki davom etmoqda. Ular asli jazoirlik bo‘lgan 17 yoshli o‘smirning politsiyachi tomonidan o‘ldirilishidan keyin boshlandi. O‘smirning buvisi uning o‘limi zo‘ravonliklar uchun bahona bo‘lganini qayd etdi.

O‘limi butun Fransiya bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan 17 yoshli jazoirlik o‘smirning buvisi tartibsizliklarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u BFM telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men bu [норозилик] hamma joyda to‘xtashini istayman… Maktablarni buzib tashlamasinlar, avtobuslarni yoqmasinlar. Avtobuslarda onalar yurishadi», - deya Nadiya ismli ayolning so‘zlaridan iqtibos keltiradi telekanal.

Uning ta’kidlashicha, u barcha fransuz politsiyachilarini aybdor sanamaydi. Nadiya politsiya vakillariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi va yakuniy so‘z fransuz sudida bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklar tashkilotchilari keyingi zo‘ravonlik uchun uning nabirasi o‘limidan foydalanishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada 28 iyun tunidan beri tartibsizliklar davom etmoqda. Bir kun avval Parijning sharqiy chekkasida joylashgan Nanter shahrida politsiyachi o‘z buyrug‘iga bo‘ysunmagan 17 yoshli Noilni otib o‘ldirdi. Politsiyachi hibsga olingan. Advokatining aytishicha, u marhumning oilasidan kechirim so‘ragan.

Namoyishlar Fransiyaning ko‘plab yirik shaharlari – Parij, Marsel, Lion, Stratsburg va boshqa hududlarga ta’sir ko‘rsatdi. Belgiya va Shveysariyada ham tartibsizliklar yuz berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring