Fransiyada namoyishlar ortidan 400 kishi hibsga olindi
Fransiyadagi ommaviy norozilik namoyishlarining 9-kunidan so‘ng 400 dan ortiq fuqaro hibsga olingani aytilmoqda. Hibsga olishlar o‘zboshimchalik bilan bo‘lgani, panjara ortidagilarning ko‘pchiligining bu harakatlarga aloqasi yo‘qligi haqida xabarlar berilmoqda.
Shu bilan birga, namoyishchilar rasmiylarning munosabat bildirganiga qaramay, ko‘cha chiqishlarini to‘xtatish niyatida emasliklarini aytishyapti.
«Payshanba kuni Fransiya bo‘ylab to‘qnashuvlarga aylangan namoyishlardan so‘ng 400 dan ortiq odam hibsga olindi. Ko‘pchilik hibsda qolmoqda. Bu yerda Parijning 17-okrugida joylashgan hibsxonada saqlanayotganlarning do‘stlari va qarindoshlarini ko‘rish mumkin.
Juma kuni ertalab bu yerga ko‘pchilik o‘z yaqinlarini ozod qilishni talab qilib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealardan, hukumat o‘z vatandoshlariga qarshi politsiyadan foydalanayotganidan juda xavotirda ekanini aytish uchun kelgan.
Yaqin kunlarda nima bo‘lishini ko‘rish qiziq. Vaziyat juda keskin. Hozir hukumat amaldorlari voqealar rivoji bunday tus olganidan afsusda ekanini ta’kidlashdan charchamyapti. Aftidan, hukumat ziddiyatli pensiya islohoti qabul qilingandan so‘ng norozilik namoyishlari pasayishini kutgan, lekin bunday bo‘lmadi», – deydi Euronews muxbiri Aneliz Borjes.
Mamlakat Kasaba uyushmalariga ko‘ra, 3 milliondan ortiq odam Fransiya ko‘chalariga chiqib, hukumat islohotlardan qaytmaguncha kurashni davom ettirishlarini aytyapti. Seshanba kuni ular yana bir katta miting o‘tkazishga chaqirishgan.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Parij Fransiyada pensiya yoshini 62 dan 64 ga oshirishga oid islohotni boshlagan va bu mamlakatda norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter