Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya sobiq prezidenti katta jinoyatda ayblanmoqda

Fransiya sobiq prezidenti katta jinoyatda ayblanmoqda

Foto: «Theins.ru»

Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi «jinoiy to‘da»da ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

2007-yilda Liviya uning prezidentlik kampaniyasini moliyalashtirgani gumon qilinmoqda. Bu haqda milliy moliyaviy prokuratura ma’lumotlariga tayanib BFMTV telekanali xabar berdi.

2018-yilda ushbu ish yuzasidan Sarkozi passiv korrupsiya, saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish va Liviya davlat mablag‘larini yashirishda ayblangandi. Fransiya sobiq prezidentining o‘zi 2018-yilda o‘tkazilgan so‘roq paytida uni «hech qanday ashyoviy dalilsiz — Muammar Qazzofiy (Liviya sobiq yetakchisi), uning o‘g‘li, jiyani, amakivachchasi, vakili, sobiq bosh vazir va (biznesmen) Ziyod Toqiyoddin arizalariga ko‘ra» ayblashganini e’lon qilgandi.

Ushbu ish yuzasidan tergov 2012-yilda Fransiyada «Mediapart» nashri Sarkozining prezidentlik kampaniyasi ehtiyojlari uchun Liviya hukumati 50 million yevro o‘tkazganligi haqidagi hujjatlarni chop etgandan so‘ng boshlangan. Ustiga-ustak, vakolat muddati tugashi va daxlsizlik maqomi bekor qilinishi bilan unga qarshi korrupsiya, firibgarlik va saylov kampaniyasi tartibini buzish bo‘yicha ayblovlar ilgari surildi.

2016-yilda mazkur ish yuzasidan kelib chiqishi Fransiya-Livanga borib taqaladigan biznesmen Ziyod Toqiyoddin so‘roq qilindi. Uning aytishicha, 2006-yil oxiri — 2007-yil boshlarida Liviyadan o‘sha paytda Sarkozi rahbarlik qilayotgan Fransiya IIVga ichida 5 million yevro naqd pul bo‘lgan chemodanni yetkazib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki marta pulni Sarkozi idorasi rahbari Klod Geanga, bir marta esa shaxsan prezidentlikka nomzodning qo‘liga tutqazgan.

Nikolya Sarkozi 2007-2012-yillarda Beshinchi respublikaga rahbarlik qilgan.

Tergov idorasiga ko‘ra, 2007 va 2012-yillardagi saylov kampaniyasi davrida N.Sarkozi Liviyaning marhum rahbari Muammar Qazzofiy hamda L’Oreal kompaniyasi egasi Lilian Betankurdan noqonuniy ravishda mablag‘ olgan. Bundan tashqari, sobiq prezident lavozimini ko‘tarishni va’da qilib, sudya Gilbert Azibertdan tergovga oid maxfiy ma’lumotlarni olishga uringan. Qayd etish joizki, bu Fransiya sobiq prezidenti korrupsiyada ayblanishi bilan bog‘liq dastlabki holatdir. To‘g‘ri, bunga qadar Jak Shirak ham g‘azna mablag‘ini talon-toroj etishda ayblanib ikki yil shartli jazoga hukm qilingan. Ammo J.Shirak prezidentlik emas, balki Parij meri bo‘lgan davrdagi qilmishi uchun jazolangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring