Yevropa ittifoqi Rossiyaga jiddiy sanksiyalarni qo‘llaydi
Yevropa ittifoqi AQSh va Kanadaning qo‘llab-quvvatlashi ostida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, xalqaro sanksiyalarga tushgan Rossiya banklari SWIFT tizimidan uziladi, zaruratga qarab boshqa banklar ham tizimdan uzilishi mumkin.
Buyuk Britaniya bosh vazirining aytishicha, rus banklarini SWIFT tizimidan uzish bu ilk qadam xolos. Rossiyani jahon moliya tizimidan uzish bo‘yicha yana qo‘shimcha qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, rubl mavqeini ushlab turishni cheklash maqsadida Rossiya Markaziy bankining aktivlari muzlatiladi.
Swift'dan uzilish nima degani?
Rossiyaning Ukrainani bosib olishi ortidan Rossiyani Swift'dan uzish masalasi ko‘tarildi. Swift nima o‘zi? Uning ahamiyati qanchalik yuqori?
Swift dunyo bo‘yicha 11 mingdan ortiq moliyaviy institutlarni birlashtiruvchi axborot almashish tizimi hisoblanadi. Belgiyada joylashgan va Yevropa ittifoqi qonuni bo‘yicha faoliyat yuritadi.
Alohida aytish kerakki, Swift to‘lov tizimi emas, balki axborot almashish vositasi. Oddiyroq aytganda, o‘z a’zolariga xabarlar yuborish imkonini beruvchi chat yoki Telegramdagi katta bir guruhga o‘xshatish mumkin.
Uning ko‘lami shu darajada kattaki, mazkur kommunikatsiya yordamida kuniga milliardlab davlatlararo tranzaksiyalar amalga oshiriladi.
Swift'dan u yoki bu davlatni uzish odatda AQSh yoki Yevropa davlatlari o‘zining dushmanlarini qattiqroq jazolamoqchi bo‘lgan payt ko‘tariladi.
Aslida siyosiy bo‘lmagan bu tizim shuning uchun ham ko‘p tanqidga uchraydi. Ya’ni, bu tizim g‘arb manfaatlariga yon bosadi deb qaraladi.
Rossiya qanchalik bu tizimga bog‘liq?
Swift ahamiyati shundaki, bu tizim Rossiyaning 30 foiz eksportini tashkil etuvchi neft mahsulotlari uchun to‘lovlarni kelib tushishini ta’minlaydi.
Hisob kitoblarga ko‘ra, Swift'ga ulangan Rossiya 291 a’zosining pul oqimlari jami pul oqimlarining 1,5 foizini tashkil etadi. Mazkur tizimda yuboriluvchi xabarlar soni bo‘yicha Rossiya dunyoda 6-o‘rinda turadi.
Bu juda katta raqam – Rossiyaning yillik o‘tkazma hajmi 800 mlrd dollarga yetishi mumkin. Bu Rossiya Yalpi ichki mahsulotining yarmidan biroz ko‘p degani.
Swift muqobili mavjudmi?
Nazariy jihatdan – ha bor. Biroq agar tez, ishonchli va oson pul o‘tkazishni xohlasang, unda yo‘q.
Nima uchun boshqa shunday tizimda buning imkoni past? Bu AQSh dollarining kuchi bilan bog‘liq.
Global to‘lovlarning yarmi, xalqaro savdoning 90 foizi AQSh dollarida amalga oshiriladi. Swift orqali yuborilgan xabar bo‘yicha dollardagi to‘lovlari odatda bir-biri bilan o‘zaro hisobraqamga ega bo‘lmagan banklar o‘rtasida amalga oshiriladi. Buning uchun odatda AQSh to‘lov tizimiga ulangan ma’lum bir korrespondent bank ishtirok etadi.
Yuqoridan ko‘rinadiki, AQSh bilvosita bo‘lsa ham davlatlar o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshishiga ta’sir ko‘rsata oladi. Swift'siz ham AQSh allaqachon yirik Rossiya banklarini AQSh moliya tizimidan uzishga ulgurdi va Rossiya uchun eksport masalasini ancha qiyinlashtirdi.
Shunday bo‘lsa-da ayrim lazeykalar, ayniqsa asosan dollarda hisob-kitob qilinuvchi energiya mahsulotlari eksporti uchun saqlanib qolgan.
Gaz bo‘yicha Yevropa davlatlarining Rossiyaga yuqori bog‘liqligi tufayli uning ayrim a’zolari (Germaniya) energiya uchun to‘lovlarni to‘xtatishga qarshilik qilishayotgandi. Boshqacha aytganda, joriy qilingan sanksiyalar sanksiya qilish uchun maqsad qilinmagandi.
Ammo vaziyat juda jiddiylashishi ortidan va xalqaro bosim ostida Germaniya ham Italiya ham Rossiyani Swift'dan uzishga qarshilik qilmasligini ma’lum qilishmoqda.
Rossiyaning Swift'dan uzilishi Rossiyaning eksport kompaniyalari uchun to‘lov qilishni deyarli imkonsiz qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter