Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochadi

Yevroittifoq Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochadi

Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi «Suriyada bo‘shliq qoldira olmasligi»ni ta’kidlab, Yevroittifoqning mamlakatdagi diplomatik missiyasi qayta tiklanishini «juda muhim qadam» deb atadi.

U, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Suriya bo‘yicha elchisi Mixail Onmaxt yaqinda mamlakatning yangi rahbariyati bilan «birinchi aloqalarni» o‘rnatganini ma’lum qildi.

«Biz delegatsiyamiz ishini qaytadan boshlashga tayyormiz. Suriyadagi yangi islomiy hokimiyatlar bilan muzokaralardan so‘ng Yevropa Ittifoqi Damashqda diplomatik vakolatxonasini qayta ochishni rejalashtiryapti.

Biroq, Suriyadagi yangi hokimiyat bilan muloqot boshlash uchun mamlakatdagi Rossiya bazalari yopilishi shart», – deydi Kaya Kallas, 17-dekabr, seshanba kuni Strasburgda bo‘lib o‘tgan Yevroparlament yig‘ilishida. 

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Bryussel Suriyaning yangi rahbariyatidan kurdlar va nasroniylar kabi ozchiliklarni himoya qilishini kutayotganini ta’kidladi.

Qolaversa, YeI Suriyadagi Rossiya harbiy bazalarini yopish o‘zaro muloqotni boshlash shartlaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Kallas, jumladan, Rossiya Suriyadagi bazalari orqali Afrika va global janubning boshqa mamlakatlarida o‘z ta’sir doirasiga ega ekanini eslatdi.

«Bu, shuningdek, Yevropa xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqaradi. Biz bu masalani yechishimiz kerak», – deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, shu paytgacha Bryussel dekabr oyi boshida Asad hokimiyatini ag‘dargan islomiy «Hayat Tahrir ash-Sham» (HTSh) guruhi bilan aloqa bog‘lamagan. BMT singari, YeI ham HTShni «terrorchi tashkilot» deb e’lon qilgan va unga qarshi sanksiyalar kiritib kelgan.

Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng esa HTShning  o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinlangan Muhammad al-Bashir, YeI  diplomatlariga ko‘ra, ancha mo‘’tadil pozitsiyani egallaydi.

O‘z navbatida, AQSh, Buyuk Britaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo Fransiya va Italiya Damashq bilan o‘zlarining diplomatik aloqalarini e’lon qilishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring