Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ertaga e’lon qiladi

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ertaga e’lon qiladi

Foto: Twitter

Reuters Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga asoslanib xabar berishicha, yangi cheklov choralari Rossiyaning eksport salohiyatini va sanoat, ayniqsa, texnologik sektordagi aloqalarini yanada cheklashga qaratilgan.

Yangi cheklovlar kiritilishini Yevroittifoqqa raislik qilayotgan Praga ham tasdiqladi. «Biz hozirgina Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash borasida siyosiy kelishuvga erishdik — bu Putinning Ukraina hududlarini noqonuniy qo‘shib olishiga Yevropa ittifoqining qat’iy javobi bo‘ladi», — deb yozdi Chexiyaning YIdagi vakili Edita Xrda Twitterda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bitim 6-oktyabr ertalab, agarda YIga a’zo 27 mamlakatdan birontasi so‘nggi pallada fikridan qaytmasa, rasmiylashtiriladi.

Yangi sanksiyalar paketi Gretsiya, Malta va Kiprning «neft shapkasi» borasidagi e’tirozlari sababli yumshatildi. Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari esa, aksincha, yanada qattiqroq cheklovlar qo‘llash talabini ilgari surishdi.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi Rossiyaning dengiz orqali yetkazilayotgan neftiga yuqori narx cheklovini belgilash, mamlakatning eksport va importini yanada qattiqroq siquvga olish, yangi shaxsiy sanksiyalar hamda Yevroittifoq fuqarolarining Rossiya davlat kompaniyalari direktorlar kengashida faoliyatini taqiqlash kabi choralarni o‘z ichiga oladi.

Yevrokomissiya yangi cheklov choralari Kremlni €7 mlrd atrofidagi daromaddan mahrum qilishini hisoblagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring