Estoniya vaziri AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Baydenni korrupsiyada aybladi
Estoniya ichki ishlar vaziri, radikal yo‘nalishdagi EKRE partiyasi asoschilaridan biri Mart Helme AQShda o‘tgan prezidentlik saylovini keskin tanqid qildi. Xususan, u Qo‘shma Shtatlarning yangi saylangan prezidenti Jo Baydenni korrupsiyada aybladi.
TRE radiostansiyasiga intervyu bergan vazir saylovning halol o‘tganini rad etgan va Baydenning g‘alabasini shubha ostiga olgan.
Radio efirida Mart Helmening o‘g‘li – ayni paytda Estoniya moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Martin Helme ham otasidan o‘rnak olib, saylov soxtalashtirilganini iddao qilgan. Bunday sharoitda demokratiya va huquqiy davlat haqida gapirish noravo ekanini ta’kidlagan.
Munozarali bayonoti ortidan ichki ishlar vaziri Martin Helme iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Ammo M.Helme AQShdagi saylov va Jo Bayden xususidagi fikrida sobit ekani, azbaroyi siyosiy koalitsiyani saqlab qolish uchungina iste’fo berganini ma’lum qilgan. «Og‘zimni hech kim yopa olmaydi. Na bosh vazir, na prezident, na matbuot», – degan endilikda sobiq vazir M.Helme.
Mart Helme avval ham mojaroli bayonotlar bilan tilga tushgan. Xususan, u 2019 yil dekabrda Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marinni oshpaz xotin deb atagan va uning siyosiy salohiyatini shubha ostiga olgan. Uzr so‘ragan Helme vazirlik kursini o‘shanda saqlab qolgan.
Ota-bola arboblarning Qo‘shma Shtatlarga nisbatan bildirgan bayonoti Estoniya rahbariyati tomonidan keskin tanqidlar bilan kutib olindi. Prezident Kersti Kalyulayd Helmelarning fikrini demokratiyaga hujum va Estoniya xavfsizligiga tahdid deb baholadi. Estoniya yetakchisi mamlakatning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar rahbariyati sha’niga aytilgan nomaqbul so‘zlar milliy xavfsizlikka tahdid solishi ehtimolini ham soqit etmadi.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu ham oshig‘ich ravishda ota-bolaning bayonoti aslo rasmiy Tallin pozitsiyasini ifodalamasligini e’lon qilar ekan, hamkasblariga «AQShga rahbarlik»ni bas qilib, Estoniya ichki muammolari bilan shug‘ullanishni tavsiya etdi.
Ayni paytda muxolifat AQShdagi saylov qonuniyligini shubha ostiga olgan kichik Helme – moliya vazirining ham iste’fosini talab qilmoqda. Bu borada parlamentga ishonchsizlik maktubi yo‘llangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter