Ertaga «eng baxtiyor yurt» bayrami
Shimoliy Yevropada joylashgan Finlyandiya 6-dekabrda o‘z mustaqillik kunini keng nishonlaydi.
Tarixda ko‘p marotaba Daniya, Shvetsiya va Rossiya davlatlari tarkibiga qo‘shib olingan bu o‘lka xalqi hamisha ozodlik, hurlik va erk uchun kurashgan. 1917-yilga kelib, Rossiyadagi taloto‘plardan foydalanib, o‘zining to‘liq mustaqilligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Tashqi siyosati ham ko‘p yillar qudratli davlat bilan muvozanatni teng saqlash tamoyili asosiga qurilgan edi. 1948-yilda sobiq SSSR bilan do‘stlik bitimini imzolab, demokratik G‘arb va kommunist Sharq o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqda harakat qilishi xalqi uchun g‘oyatda foydali bo‘ldi.
Davlatni chorak asr boshqargan Urxo Kekkonen (1956-81) qudratli qo‘shnisi SSSR bilan munosabatlarni buzmagan holda yetakchi G‘arb davlatlari bilan aloqalarni izchil mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi.
Sharqiy Yevropaning aksariyat davlatlaridan farqli ravishda jadal sanoatlashuvi va demokratik qadriyatlari hisobiga 1970-yillarda G‘arbiy Yevropa davlatlarining yuksak hayot darajasiga chiqib oldi.
Finlyandiya 1955-yilda Yevropa Ittifoqiga, 1996-yilda Shengen bitimiga qo‘shilishi uning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini yanada oshirdi.
Bugungi kunda butunjahon baxtiyorlik, matbuot erkinligi indeksida, onalik va bolalik himoyasida peshqadam, sayyoramizning eng barqaror mamlakat sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Hozirda besh yarim milliondan sal ortiqroq aholi yashaydigan davlat o‘zining hayratomuz iqtisodiy o‘sishi bilan dunyo ahlini lol qoldirishda davom etmoqda. O‘tgan yili aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning ulushi 48,7 ming dollarga to‘g‘ri kelgani ham uning taraqqiyotini yaqqol tasdiqlaydi.
E’tiborimni yana bir o‘zini tortgan jihat pandemiya davrida bu yerdagi samarali amaliyot bo‘ldi. Finlyandiya – koronovirus pandemiyasini muvaffaqiyatli nazorat qila olgan jahondagi kam sonli mamlakatlardan biridir. 30 mingga ham yetmaydigan umumiy kasallarning 400 nafari vafot etdi, xolos.
Hozirgacha, Yevropaning hech bir mamlakatida bunday past ko‘rsatkich mavjud emas. Masalan, aholisi deyarli teng bo‘lgan Daniyada qariyb 80 ming, Slovakiyada 110 mingga yaqin holat qayd etilgan, o‘limlar soni ham katta.
Hukumatning samarali choralari, pandemiyaning boshlang‘ich bosqichidayoq qat’iy tartib o‘rnatilgani, aholining o‘zini o‘zi himoyalash tizimini olib borgani, raqamli iqtisodiyot va texnologiyalarning rivojlangani kutilgan natijani berdi.
Shimoliy mintaqalari qutb doirasida joylashgan va tog‘larini doimiy muzliklar qoplagan diyor o‘zining betakror tabiati va nihoyatda musaffo ob-havosi bilan ajralib turadi. Bu yerda 20 million gektar o‘rmon, 2 mingdan ortiq katta-kichik daryolar va 190 mingdan ziyod turli hajmdagi ko‘llar, 39 ta milliy parklar mavjud.
Sayyoramizda eng toza ekologik holatga ega mamlakat bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat Kodeksidagi moddalarni yil sayin og‘irlashtirib bormoqda. Yevropa Ittifoqining tegishli qaroriga amal qilib, mamlakatda 2030 yilga borib, atmosferaga chiqariladigan zaharli gazlar miqdorini 50 foizga kamaytirish bo‘yicha dastur amal qilmoqda.
2013 yilda Hayvonlar ishlari bo‘yicha vakolatli vakil lavozimi ham joriy etilgan. Fin jamiyatida jonivorlar holatini yaxshilash va bu borada tashabbus va takliflar ishlab chiqish, hayvonlar huquqlari bilan bog‘liq masalalarni sharhlab borish, ularni himoya qilishni kuchaytirish aynan uning vakolatlariga kiradi.
So‘nggi yillarda tobora ko‘proq jonivorlar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilayotgan O‘zbekistonda ham ana shunday lavozim joriy etish vaqti kelmaganmikan?!
Xalqaro tadqiqot markazlari tahlillariga ko‘ra, mamlakat huquqiy davlatlar reytingida uchlikka kirsa, jinoiy sudlov tizimi eng yaxshidir. Qog‘oz va muzyorar kemalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi.
Aholi jon boshiga gazetalar adadining to‘g‘ri kelishi bo‘yicha Norvegiya va Yaponiyadan keyin jahonda uchinchi o‘rinda turadi. Ikki yuzdan ortiq gazetalar 4,3 million nusxada, ikki mingdan ortiq nomdagi jurnallar esa 15 million adadda chop etib kelinmoqda. 12-69 yoshgacha bo‘lgan har o‘ntadan to‘qqizta finn har kuni gazeta o‘qishadi.
Korrupsiya darajasi eng kam, raqobatbardoshlik, mobil internetga ulanish, ijtimoiy rivojlanish reytinglarida, bilim darajasi, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, gender tengligi, pensionerlarga sharoitlar yaratib berish bo‘yicha ham so‘nggi yillarda eng yaxshi davlatlar qatorida bo‘lib kelmoqda.
Ammo bu yurtda an’anaviy oila qadriyatlari asta-sekin darz ketmoqda. Bir milliondan ortiqroq kishi yolg‘iz yashamoqda, bir vaqtning o‘zida farzandsiz oilalar soni ortib bormoqda. Bu ham kamlik qilgandek, 2017 yil 1 martdan bir jinsli oilalarga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi.
Tug‘ilish ko‘rsatkichlari kamayishi hisobiga (aholisining salkam 90 foizi finlar, 5 foizi shvedlardan iborat) mamlakatda so‘nggi yillarda xorijlik migrantlar, asosan somalilik, ruminiyalik, estoniyalik, arablar va boshqa millatlar ulushi tobora ortib bormoqda.
Dildora Shomurotova,
Piskent tumanidagi 8-maktab
geografiya fani o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter