Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron sudi prezident Trampni hibsga olishga order berdi

Eron sudi prezident Trampni hibsga olishga order berdi

Foto: AFP

Eron huquq idoralari Interpolga AQSh prezidenti Donald Trampni qidiruvdagi jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat yo‘lladi.  Mamlakat rasmiy axborot agentligiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar rahbari taniqli harbiy qo‘mondon Qosim Sulaymoniyning o‘limiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Tehron prokurori Ali Mehr generalni o‘ldirish bilan bog‘liq operatsiyada 36 kishi ishtirok etgani, ular orasida AQSh hamda boshqa davlatlarning siyosiy arboblari va harbiy yetakchilari borligini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, qotillik va terrorizmda ayblanayotgan 36 kishini hibsga olish uchun order berilgan.

Bir necha hafta avval Eron oliy sudi general Sulaymoniy haqidagi maxfiy ma’lumotlarni AQSh josuslik xizmatiga yetkazib turgan Mahmud Musaviy Majidni o‘limga hukm etgan edi.

Eron islom respublikasidagi nufuzli generallardan biri, jangovar “al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy joriy yil 3-yanvar kuni Bag‘dodda AQSh harbiy havo kuchlari aviahujumi payti o‘ldirildi. U bilan birga eronlik bir necha qudratli harbiylar, jumladan, Abu Mahdi al-Muhandis ham mahv etildi.

2012-yildan beri xorijiy mamlkatlarda, xususan, Suriya hamda Iroqda harbiy operatsiyalarga boshchilik qilib kelgan Sulaymoniyning o‘limi Eronda milliy motam o‘laroq qabul qilindi.

Vashington va Tehron o‘rtasidagi murakkab diplomatik munosabatlar generalning o‘limi ortidan yanada taranglashdi, ikki mamlakat hatto  urush holatiga kelib qoldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring