Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Otaturkka xitob qildi

Erdo‘g‘on Otaturkka xitob qildi

Turkiyada 30 avgust – Zafar kuni bayram qilinmoqda.

An’anaga ko‘ra, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk mangu qo‘nim topgan Anitkabir maqbarasiga tashrif buyurdi. Erdo‘g‘onga parlament raisi No‘’mon Kurtulmush boshchiligidagi davlat va jamoat arboblari hamrohlik qildi.

«Aziz Otaturk, siz turk millatining hurlik va mustaqillik g‘oyasiga o‘rnatilgan umrboqiy yodgorlik deb atagan Zafar bayramining 101 yilligini iftixor ila nishonlamoqdamiz. Shonli tariximizning burilish nuqtalaridan biri bo‘lgan ushbu kunda biz sizning siymongizni, quroldosh do‘stlaringizni, Buyuk Millat Majlisining ardoqli a’zolari va aziz shahidlarimizni ehtirom ila xotirlaymiz. Zamonaviy tamaddunlarni ham ortda qoldirishdek yuksak marrani ko‘zlagan, «Turkiya asri» deb atalgan maslagimizni davlat hamda xalq bir tanu bir jon bo‘lgan holda, azmu shijoat bilan ro‘yobga chiqaramiz», – deb xitob qilgan Turkiya rahbari.  

30 avgust sanasi zamonaviy Turkiya tarixidagi muhim tarixiy hodisa munosabati bilan joriy etilgan.

Birinchi jahon urushidan keyin G‘arb imperiyalari Usmoniylar davlatini parchalab tashlashga qaror qiladi.

1919 yili Antanta davlatlari qo‘shini Onado‘liga kiritiladi.

Fransuz harbiylari Turkiya janubi, Adana atrofini bosib oladi. Inglizlar Urfa (Shonliurfa), Marash (Qahramonmarash), Samsun, Amasiya hududlarini egallaydi.

Italyanlar esa O‘rtayer dengizi sohilidagi hududlarga ko‘z tikadi. 

1919 yilning 15 mayida Antantaning ruxsati bilan yunon armiyasi Izmirga bostirib kiradi.

Shu tariqa turk davlatchiligi muqarrar xavf ostida qoladi.

Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi milliy ozodlik harakati davlat va millatni saqlab qolish uchun kurashga kirishadi.

Omonsiz janglardan keyin 1922 yilning 30 avgustida Otaturk qo‘shini Dumlupinar shahri yaqinida yunon qo‘shinini tor-mor etadi.

Mamlakat tarixini o‘zgartirgan ushbu g‘alabadan ruhlangan ozodlik harakati namoyandalari pirovardida mustaqil Turkiya poydevorini qo‘yadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring