Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Isroilga borishdan bosh tortdi va achchiq gaplarni aytdi

Erdo‘g‘on Isroilga borishdan bosh tortdi va achchiq gaplarni aytdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on partiyadoshlari bilan uchrashuvda Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilishga qaror qilganini aytdi. U buni G‘azo sektoridagi vaziyat bilan izohladi, deb yozadi Hurriyet.

«Bir marta Benyamin Netanyaxu bilan qo‘l berib ko‘rishdim. Bu AQShdagi «Turk uyi»da sodir bo‘ldi. Ammo u bizning xayrixohligimizni suiiste’mol qildi va biz Isroilga borishdan bosh tortdik», — dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya prezidenti G‘azo sektoridagi bolalar o‘limida G‘arb davlatlarini ham aybladi.

«Hujumni oqlash G‘arbning qonli tarixidan qolgan merosdir. G‘azo sektoridagi qirg‘inning aybdorlari Isroilga cheksiz yordam ko‘rsatayotganlardir. Ular bu mintaqaga hech qachon tinchlik kelmasligini xohlaydilar», — dedi Erdo‘g‘on.

«Agar biz tinchlik hukm suradigan dunyoni xohlasak, xoch va yarim oy tushunchasidan voz kechish kerak. Aks holda bu insoniyat uchun sharmandalik bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Erdo‘g‘on HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligini, uning jangchilarini o‘z yurtini ozod qilish uchun kurashayotgan mujohidlar deb bilishini aytdi. Shuningdek, turklarning hech qachon irqchi bo‘lmaganini yahudiylar hammadan yaxshi bilishini qayd etdi.

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, barcha tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishi, G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish uchun Rafah nazorat punkti ham ochilishi kerak. Turkiya falastinliklar xavfsizligining kafiliga aylanishga tayyor.

«Mintaqada tinchlik butun dunyo tomonidan tan olingan mustaqil Falastin davlatining barpo etilishiga bog‘liq. Aks holda, bu vayron qiluvchi olov qayergacha tarqalishi noma’lum», deydi siyosatchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring