Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Er sayyorasidagi eng baxtli xalq

Er sayyorasidagi eng baxtli xalq

foto: stena.ee/blog

Piraha qabilasi – Braziliyada yashaydigan kichik xalq. Ularning o‘ziga xos ovchilik madaniyati va so‘zlashuv tili juda ko‘p olimlarning e’tiborini tortgan. Piraha tili zamonaviy tilshunoslik asoslariga amal qilmaydi, chunki unda uzun gaplar tuzish qobiliyati, sonlar, zamonlar, ranglar tavsifi, yaxlitlik (butun, qism) tushunchalari, qarindoshlik tavsiflari mavjud emas. Qabilada san’at tushunchasi yo‘q (ular o‘zlarini hech qanday tarzda bezashmaydi), afsona va din, qabila boshlig‘i yo‘q, uyqu ritmi yo‘q. Ular oziq-ovqat to‘plamaydilar va och qolgandagina ov qiladilar.

foto: perunica.ru

Ular hisoblashni bilmaydilar. Masalan, ular uchun bir dona baliq – baliq, ikkita baliq ozgina, o‘nta baliq ko‘p. Ular shu yerda va hozir yashaydilar – kelajak uchun rejalar tuzmaydilar. O‘tmish ular uchun hech qanday ma’noga ega emas. Ular soatlar, kunlar, tunlarni, ya’ni kun tartibini bilmaydilar. Ular och qolganda ovqatlanadilar. Uzoq uxlash kuchni yo‘qotadi, deb hisoblashadi – kunning istalgan paytida faqat yarim soatgina uxlashadi. Ammo ular uchun uyqu o‘limdek gap, ya’ni uxlab turishgandan so‘ng o‘zlarini boshqa odamga aylanadi deb o‘ylaydi. Shuning uchun qabila odamlari vaqti-vaqti bilan ismlarini  hayoti davomida 7, 8 marta o‘zgartiradilar. Ularning har bir yosh uchun o‘z nomlari bor. Ya’ni o‘sha nom bilan atalgan odamga qarab kim haqida gapirayotganini tushunadi  – qariyami, katta yoshli odammi yoki o‘smirmi.

Ular xususiy mulkdan bexabar va zamonaviy madaniyatli inson uchun qadrli bo‘lgan hamma narsaga umuman e’tibor bermaydilar, dunyo aholisining 99 foizini qiynayotgan tashvish, qo‘rquv va noto‘g‘ri qarashlardan bexabar. Ular o‘zlarini «to‘g‘ri odamlar» deb atashadi, boshqalar esa «noto‘g‘ri». Pirahalar hech qayoqqa bormaydi, borishni istamaydi va boshqalar ham bizga kerak emas, deb hisoblashadi.

Uyat, ayb, nafrat kabi tushunchalar qabila ahli uchun mutlaqo begona. Agar Xaaioxaaa (ism) baliqni ushlolmasa, ya’ni tushirib yuborsa bu shubhasiz yomon, chunki hamma tushlikdan mahrum bo‘ldi. Va tushirib yuborganning bunga nima aloqasi bor? U aybdor emas. Agar Oaxioka(bola) boshqa bir bola Koiaxaani itarib yuborsa va u qo‘lini sindirib  olsa  hech kim aybdor emas. Jarohatlangan bolaning qo‘lini davolash kerak tamom vassalom. Agar chaqaloq onani emmasa, tashvishlanishga hojat yo‘q, demak u buni xohlamaydi. Va nima uchun u ovqat so‘ramayotgani hech kim uchun muhim emas. Bolani ovqatlanishga majburlamaydi. Agar go‘dak xohlasa ovqat so‘raydi. Bu yerda hech kim bolasiga yoki boshqaga majbur biron narsani o‘rgatmaydi va majburlamaydi, aybdor qilmaydi. Piraha bolalarining o‘yinchoqlari yo‘q. Ularga hamma narsa mumkin – hayvonlar, o‘simliklar bilan do‘stlashadilar.

Agar Pirahadan biror odam oq tanli begona odamni kamon bilan o‘ldirsa, demak ularning suviga tegmaslik kerak. Agar oq tanlilarga Pirahadagi biror odam nojo‘ya xatti-harakat qilsa marhamat ular ham aybdorni o‘ldirishsin.  

Nikohga kelsak, erkak va ayol bir-biridan rozi bo‘lsalar, birga yashaydilar. Agar er uyga o‘lja olib kelmasa, xotin boshqa turmush o‘rtoqni topishga haqli. Xuddi shunday, agar erkakning xotini bog‘ ishlarini qilmasa va baliqchilik bilan shug‘ullanmasa, qarigan yoki xunuk bo‘lsa, uni tark etishga haqli. Ya’ni, ularning har biri na uyat, na pushaymon bo‘lmasdan o‘zi xohlaganini qila oladi. Bu odamlar doimo jilmayib yurishadi, charchoq yoki tushkunlik ularga begona.

Oq tanlilar  rivojlanmagan hududlarga  kirish, o‘z qoidalari, urf-odatlari va dinlarini o‘rnatish uchun harakat qilishgan. Ammo yerning bir chekkasida bir qabila bor, bu Piraha – uning xalqi hech qanday ta’limotga berilib ketmaydi, chunki bu faoliyat ularga befoyda va nihoyatda ishonarsiz tuyulardi. Amerikalik voiz, etnograf va tilshunos Daniyel Everett 1977-yilda Amazon o‘rmoniga Xudo kalomini tarqatish uchun kelgan. Ammo buning o‘rniga, missioner atrofdagi dunyo bilan shunday uyg‘unlikda yashovchi odamlarni uchratdiki e’tiqod haqidagi tushunchalari o‘zgardi hatto. 

Bir kuni undan so‘rashdi: «Demak, Piraha onalari nechta farzandi borligini bilishmaydi?» U javob berdi: «Ular farzandlarining aniq sonini bilishmaydi, lekin ularni ismlari va yuzlaridan bilishadi. Ularni tanib olish va sevish uchun bolalar sonini bilish shart emas».

Pirahaning o‘tmish va kelasi zamon shakllari yo‘q. Bu yerda afsonalar, rivoyatlar mavjud emas – qabila haqidagi xotira faqat eng qadimgi tirik a’zoning shaxsiy tajribasiga asoslanadi. Shu bilan birga, ularning har biri minglab o‘simliklar, hasharotlar va hayvonlar haqida chinakam ensiklopedik bilimga ega – barcha nomlar, ularning xususiyatlarini biladilar.

Ular ob’yektiv va sub’yektiv degan tushunchaga ega emas. Ular tushlarini haqiqiy hayotdan ajratmaydilar. Uyqu paytida boshdan kechirgan voqealar, uyg‘ongan paytda boshdan kechirganlari kabi muhim hisoblanadi. Shunday qilib, agar siz oyda yurganingizni tush ko‘rgan bo‘lsangiz, ularning nuqtai nazari bo‘yicha, siz haqiqatan ham shunday sayr qilgansiz. Pirahalar o‘zlarini tabiatning ajralmas qismi – o‘rmon bolalari deb bilishadi. Ular uchun o‘rmon murakkab tirik organizm bo‘lib, chinakam hayrat tuyishadi va hatto undan qo‘rqishadi. Odamlar nazdida  o‘rmon tushunarsiz,  g‘alati narsalar bilan to‘ldirilgan va o‘sha g‘alati, sirli narsalarning tagiga yetishni istamaydilar. Piraha odamlari texnologiya bir tomondan yaxshi, deb hisoblaydi, bir tomondan qadriyatlar, an’analar unutilishidan, o‘zgarib ketishidan xavotirda.

Everett eslaydi: «Men ularda depressiya yoki melanxoliya kabi ruhiy kasalliklarni uchratmadim. Ular faqat bugungi kun uchun yashaydilar va baxtlidirlar. Bu yerdagi odamlar ayyorlik, shumlik, ikkiyuzlamachilik, yolg‘onchilik, o‘g‘rilikni bilmaydilar. Narsa talashib kurashmaydilar.

Ular kechasi kuylashadi. Bu shunchaki zavq olishning fenomenal darajasi – psixotrop dorilarsiz va antidepressantlarsiz.» Everettning hayratlangani: dunyo kezib mulk va narsaga qiziqmaydigan odamlar borligi. Bular Piraha qabilasining odamlari. Ularga narsa bersangiz yaxshi. Bermasangiz ham yaxshi. Piraha odamlari faqat ehtiyoji uchun kerak narsalarni olib kelishingizni so‘raydi: gugurt, nina ip, kiyim kechak, soat uchun, fonus uchun batareyka. Katta va ko‘p narsa ularga qiziq emas.

Qabila aholisining yana bir qiziq xususiyati – shaxsiy mulkning yo‘qligi. Ular faqat kiyimlarini o‘zlariniki deb hisoblashadi, qolgan hamma narsa hech kimga tegishli emas. Agar hozir, ayni paytda qarmoq kerak bo‘lmasa, uni yerga qo‘yadi va endi u qarmoq egasiga tegishli emas. Ular siz bergan narsa uchun raxmat aytmaydi, agar narsangizni olib qo‘ysa kechirasiz ham demaydi.

Chunki qabila xushmuomalalik tuyg‘usini bilmaydi. Bu degani ular boshqalarni hurmat qilmaydi yoki yomon ko‘radi degani emas. Aksincha ular o‘zlarining barcha qabiladoshlarini yaxshi ko‘rishadi va ularning atrofidagilar ham ularni ko‘rishdan xursand ekanligiga shubha qilmaydilar. Shunday ekan, nima keragi bor ortiqcha so‘z aytish!

Aytgancha, so‘zlar haqida. Piraha tili juda sodda va o‘rganish nihoyatda qiyin. Unda faqat sakkiz undosh va uchta unli bor. Ammo shu bilan birga, unda intonatsiyaning ustuvorligi mavjud – boshqa ovoz tembrida aytilgan bir xil so‘z butunlay boshqa tushunchalarni anglatishi mumkin. Yaqin vaqtgacha aholi «men», «siz», «u» olmoshlarini bilishmas edi.  

Hozirgi vaqtda Pirahalar soni ko‘paygan. Ular hali ham deyarli o‘zlari uchun uy qurmaydilar, baliq tutadilar, mayda hayvonlarni ovlaydilar va dehqonchilik qiladilar. Qolgan hamma narsada ular tabiatga tayanadilar va Piraha madaniyatli dunyodan olgan yagona narsa bu kiyimdir. Ammo shunga qaramay bu qabila nihoyatda hayotlaridan mamnun.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring