Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Ukrainaga 2023-yilda 18 milliard yevro ko‘mak ko‘rsatadi

YI Ukrainaga 2023-yilda 18 milliard yevro ko‘mak ko‘rsatadi

Ursula fon der Lyayen.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 2023-yilda 18 milliard yevro ajratadi. Bu haqda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 25-oktyabr kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan Ukrainani tiklashga doir xalqaro anjumanda gapirdi.

Yevrokomissiya yetakchisi Rossiya bosqiniga uchragan Ukrainada uylar, maktablar, yo‘l va ko‘priklar hamda boshqa ijtimoiy ob’yektlar yakson etilayotganini afsus ila qayd etdi.

Xalqaro moliya tuzilmalari hisob-kitobiga ko‘ra, Kiyev hukumati o‘qituvchilar, shifokorlar, harbiylarga muntazam maosh to‘lashi, pensionerlarga nafaqa vaqtida berilishi uchun oyiga 3-5 milliard yevro mablag‘ zarur.

Ursula fon der Lyayen o‘z nutqida YeIga a’zo mamlakatlar bilan Ukrainaga har oy 1,5 milliard yevro miqdorida ko‘mak ko‘rsatish borasida muzokara olib borilayotgani, shu tariqa 2023-yilda jami 18 milliard yevro yordam ajratilishini qayd etdi.

«Yevropa Ukrainani (urushning) birinchi kunidan qo‘llab-quvvatlamoqda. Albatta, bizning yo‘qotishlarimiz ukrainaliklar har kuni duchor bo‘layotgan qurbonlar oldida hech narsa emas. Ammo biz ular bilan yelkama-yelka turishda sobitmiz. Biz Rossiyaga qarshi o‘ta qattiq sanksiyalarni joriy etdik. Umuman, Yevropa Ittifoqi, uning a’zolari hamda Yevropa moliya tuzilmalari Ukrainaga 19 milliard yevrodan ko‘proq ko‘mak ko‘rsatdi. Qayd etish joizki, harbiy ko‘mak bu hisobga kirmaydi», – dedi Yevrokomissiya prezidenti.

Jahon banki Ukraina urush oqibatida hozirgacha ko‘rgan zararni 350 milliard yevro deb baholamoqda. Ursula fon der Lyayen bunchalik katta talafotni yolg‘iz holda qoplash imkonsiz ekanini ta’kidlab, «Katta yettilik» hamda boshqa hamkor davlatlarni ham Ukrainaga yordam qo‘li cho‘zishga undadi.

Tadbir mezboni – Germaniya kansleri Olaf Shols (Olaf Scholz) ham mazlum mamlakatni qayta tiklash uchun yangi Marshall rejasi ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil sentyabr oyida YeI kengashi Ukrainaga 5 milliard yevro moliyaviy ko‘mak ajratishga qaror qilgan. Bu – 9 milliard yevrolik ko‘makning bir qismi hisoblanadi.

Joriy yil avgust oyida esa Bryussel Kiyevga 1 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan.

15-sentyabr kuni Kiyevga tashrif buyurgan Ursula fon der Lyayen Ukrainaga qancha zarur bo‘lsa, shuncha vaqt ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring