Dunyo musulmonlari sayohat reytingida birinchi o‘rinni olgan davlat ma’lum qilindi
2022 yilda jahon miqyosida musulmonlarning sayohat reytingida (GMTI) birinchi o‘rinni Malayziya egalladi. Qayd etish joizki, mazkur mamlakat bir necha yildan beri «Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida musulmonlar uchun do‘stona yo‘nalish» ro‘yxatida peshqadamlikni saqlab kelmoqda.
MasterCard va Crescent Rating olib borayotgan tadqiqotda halol sayohat yo‘nalishlari turli mezon va ko‘rsatkichlarga ko‘ra baholanadi. Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri mamlakat yana musulmonlar uchun eng do‘stona yo‘nalish deb tan olingani ulkan sharaf ekanini qayd etgan. Ayni choqda, u zamonaviy turizm falsafasiga izoh bergan.
«Hozirgi zamonda turizm faqat sayohatchilar uchun maqbul shart-sharoit yaratishdangina iborat bo‘lib qolmay, mazkur sohada muayyan ulushga ega sayyoh, sarmoyador, sanoat ishtirokchisi, jamiyat, hukumat, mamlakat va boshqalarning transformatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarishni ham o‘z ichiga oladi», deydi Shukri xonim.
Malayziya vaziri halol turizm an’analarini yanada takomillashtirish, mahalliy va global miqyosda mehmondo‘stlik bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilishiga ishonch bildirgan.
Global reytingda Turkiya, Saudiya Arabistoni va Indoneziya ikkinchi o‘rinni band etdi. So‘nggi vaqtlarda sohada sezilarli yutuqlarga erishayotgan O‘zbekiston reytingdagi mavqeini yaxshilab, dunyoda to‘qqizinchi, IHT mamlakatlari orasida Misr, Ummon, Kuvayt, Marokash, Livan kabi davlatlarni ortda qoldirib, oltinchi o‘rinni egalladi, MDH va Markaziy Osiyoda esa birinchi bo‘ldi.
MasterCard va Crescent Rating ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiyaga qadar musulmon sayyohligida kuchli o‘sish kuzatildi. Xususan, 2019 yilda 160 million sayyoh qayd etilgan. Bu borada Malayziyaning ulushi salmoqli raqamlarni tashkil etadi. Umuman, 2019 yilda Malayziyaga jami 26,1 million xalqaro sayyoh bordi, mamlakat turizmdan taxminan 21 milliard dollar daromad oldi.
Dunyo pandemiya asoratlaridan so‘ng yengil tin olib, chegaralar ochila boshlagan hozirgi davrda musulmon sayyohligi ko‘rsatkichlari oshishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, zamonaviy musulmon sayyohlarning did va talabi yuksalib bormoqda. Bu esa ham qiziqarli, ham mazmundor sayyohat yo‘nalishlarini talab etadi.
Crescent Rating asoschisi Fazal Bahardin fikricha, Ukrainadagi urush, yoqilg‘i narxining keskin oshishi, maymun chechagi, kovidning yangi shtammlari kabi tahdidlar soha rivojiga to‘siq bo‘lishi mumkin, ammo optimistik xulosalar uchun ham asoslar yetarli.
«Z avlod (1990-yillar o‘rtasidan 2010-yillargacha tug‘ilganlar – tahr.), millenniallar (1980-yillardan 1990-yillar o‘rtasigacha bo‘lgan davrda dunyoga kelganlar) va ayollar musulmonlar ichida eng ta’sirli va o‘sib borayotgan demografik qatlam hisoblanadi. Ikki milliardli nufusning 70 foizi 40 yoshdan kichik, jumladan, Z avlod va millenniallar aholining 50 foizini tashkil qiladi. Qolaversa, ayol sayohatchilar musulmon sayohat bozoridagi eng tez rivojlanayotgan qatlamdir», – deydi Crescent Rating asoschisi.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya hukumati epidemik vaziyat o‘nglanishi munosabati bilan joriy yil 1 apreldan xalqaro sayyohlarga chegaralar to‘liq ochilganini e’lon qilgandi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 9 iyuldan Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar tashkil etilishi kutilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarning tiklanish masalasi 19 may kuni Toshkentda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari – Furqat Sidiqov va Qamaruddin Ja’far uchrashuvida muhokama qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter