Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergey Lavrovning qizi safarga chiqdi – orqasidan g‘avg‘o chiqdi

Sergey Lavrovning qizi safarga chiqdi – orqasidan g‘avg‘o chiqdi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning qizi Yekaterina Vinokurova qarindoshining to‘yini o‘tkazish uchun Gruziyaga bordi. Ammo G‘arb sanksiyalari ostida bo‘lgan ayolning safari norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, Yekaterina Vinokurovaning turmush o‘rtog‘i, tadbirkor Aleksandr Vinokurovning ukasi o‘z to‘yini Gruziya sharqidagi Kaxetiya tarixiy o‘lkasida o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Qaynukaning to‘yi o‘tishi rejalashtirilgan Kvareli Lake Resort besh yulduzli mehmonxonasi marosim munosabati bilan ikki kunga yopilgan.

Rossiya TIVning qizi kelganidan xabar topgan gruziyalik faollar va muxolifat vakillari mehmonxona yonidagi norozilik namoyishi o‘tkazgan. Namoyishchilar mehmonxonadan chiqayotgan mikroavtobuslarga tuxum uloqtirgan. Politsiya 16 kishini hibsga olgan.

“Mtavari” telekanali Yekaterina Vinokurova ham shu mehmonxonada bo‘lgani, ammo keyinroq Gruziyani tark etgani haqida xabar qilgan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili to‘y o‘tkazmoqchi bo‘lgan oila mamlakatdan chiqib ketgani, marosim Gruziya hududida o‘tmasligi haqida bayonot bergan.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning oila a’zolariga nisbatan G‘arb mamlakatlari tomonidan sanksiya joriy qilingan. Sanksiya ularning ushbu mamlakatlar hududiga kiritilmasligini ham ko‘zda tutadi. Gruziya sanksiyalarga qisman qo‘shilgan, ammo Rossiyaga nisbatan iqtisodiy cheklovlar kiritishdan bosh tortgan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Vladimir Putinning  farmoni bilan joriy yil  15 maydan e’tiboran Gruziya fuqarolari uchun Rossiya kirishda viza talabi olib tashlandi. Kreml rus aviashirkatlarining Gruziyaga uchishi bo‘yicha qo‘yilgan taqiqni ham bekor qildi.

Gruziyaning Moskvaga xayrixoh ekani aytiladigan iqtidordagi partiyasi bu qarorni olqishladi. Prezident Salome Zurabishvili esa ushbu qadamni “Ukrainani bombalayotgan Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi” deb atadi. Muxolifatga ko‘ra, Rossiya ushbu chora orqali Gruziyaning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuviga xalal bermoqchi.

Gruziya hamda Rossiya munosabatlari 2008 yil avgust oyida ro‘y bergan besh kunlik urushdan keyin keskin yomonlashgan. O‘shanda Rossiya Gruziyaning ikki ayirmachi hududi – Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritgan va pirovardida ularning mustaqilligini tan olgan edi. Buning ortidan Tbilisi Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring