Buyuk Britaniyani koronavirus pandemiyasidan ham kuchliroq xatar kutmoqda
Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqidan chiqishi borasida tomonlar yakuniy to‘xtamga kela olmayapti. Muzokaralar ijobiy natija bermasa, o‘zaro tanglik ro‘y berishi mumkin. Xususan, Buyuk Britaniya koronavirus pandemiyasidan ham kuchliroq xatarga ro‘baro‘ bo‘lishi bashorat etilmoqda.
Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan rasman joriy yil 31-yanvarda chiqdi, ammo amalda 31-dekabrga qadar ittifoq tarkibida sanaladi. Bunga qadar Bryussel hamda London o‘zaro savdo-iqtisodiy kelishmovchiliklarni bartaraf etishi lozim bo‘ladi.
O‘tgan 11 oy davomida tomonlar erkin savdo va kvota masalalarida til topisha olmadi. Hafta yakunida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hamda Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen o‘rtasida soatlab davom etgan muzokaralar ham samarasiz yakunlandi.
Garchi bosh vazir hamda Yevrokomissiya yetakchisi tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda muzokaralar davom etishi qayd etilgan bo‘lsa-da, aksar tahlilchilar muloqot ijobiy yakunlanishiga shubha bilan qaramoqda. Buni ingliz bosh vazirining «Hozirgi holatda ayrim muhim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklarimiz juda ko‘p» degan fikri ham tasdiqlaydi.
Tomonlar kelgusidagi iqtisodiy munosabatlar qay tartibda kechishi borasida yakdil xulosaga kela olmayapti. Bryusselga ko‘ra, Buyuk Britaniya YeI tarkibidan chiqar ekan, ittifoq ichki bozorida erkin savdo huquqidan mahrum etilishi kerak.
Ayni choqda, baliqchilik borasida ham kelimovchilik mavjud. YeI Buyuk Britaniyadan o‘z dengiz havzalarida yevropalik baliqchilarga ov qilish huquqini berishni so‘ramoqda. Aks holda, inglizlar YeI baliq bozoriga kiritilmaydi.
Ingliz hukumati YeI qo‘yayotgan talablar qirollik suverenitetiga daxl qilmoqda deb hisoblaydi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘tgan yilning iyul oyida o‘z vazifasiga kirishgan ilk kezlardayoq Birlashgan Qirollikni Yevroittifoqdan eng maqbul shartlarda olib chiqishga so‘z bergan edi.
Ammo «Breksit» bitimi yuridik jihatdan kuchga kirishiga atigi ikki hafta qolgan bir paytda B.Jonson juda mushkul vaziyatga tushdi.
Gap shundaki, tomonlar kelisha olmagan taqdirda Buyuk Britaniya hamda YeI o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar avtomatik tarzda Jahon savdo tashkiloti doirasidagi umumiy tarif hamda kvotalar asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa Buyuk Britaniya YeI mamlakatlariga deylik, bug‘doy, meva hamda sabzavotlar (11,1 foiz), go‘sht (15,7) va sut mahsulotlari (35,4 foiz) sotish uchun qo‘shimcha boj to‘laydi deganidir. Britaniyaning yirik avtomobilsozlik sanoati zimmasiga esa 10 foizlik boj majburiyati yuklanadi. Bu yiliga qo‘shimcha 5,7 milliard yevro xarajat qilishni, yanada aniqroq aytganda, ulkan bozorni boy berishni anglatadi. Qirollikning moliyaviy xizmat ko‘rsatish jabhasi, xususan, bank sektori ham mushkul holatda qoladi degan xavotir mavjud. Angliya banki rahbari Endryu Beyli qayd etganidek, YeI tarkibidan kelishuvsiz chiqish Buyuk Britaniyaga koronavirus pandemiyasidan ham qimmatroqqa tushishi aniq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter