Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu bizning ishimiz» — Putin birinchi marta KXDR harbiylari masalasida izoh berdi

«Bu bizning ishimiz» — Putin birinchi marta KXDR harbiylari masalasida izoh berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi BRIKS sammitining yakuniy matbuot anjumanida ilk bor Shimoliy Koreya harbiylari Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Amerikaning NBC telekompaniyasi jurnalisti Putinga savol berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar urush hududida KXDR harbiylari borligini ko‘rsatadi. «Ular bu yerda nima qilishyapti? Bu mojaroni jiddiy kuchaytirmaydimi?», so‘radi jurnalist.

«Rossiyaning harakatlari urushga sabab bo‘lmadi», deb javob berdi Putin va yana bir bor Ukrainadagi 2014 yilgi «davlat to‘ntarishi» haqida gapirdi. U, shuningdek, G‘arb davlatlarini Ukraina armiyasini qurollantirish va unga qarshi kurashda yordam berishda aybladi.

Putin Shimoliy Koreya va Rossiya prezidentlari tomonidan yozda Pxenyanda imzolangan «har tomonlama strategik sheriklik» to‘g‘risidagi shartnomani Davlat dumasi ratifikatsiya qilganini eslatdi. Shartnoma uning ishtirokchilaridan biriga qarshi «tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni» nazarda tutadi.

«4-modda bor», dedi Putin. Va qo‘shimcha qildi: «Pxenyan o‘zaro kelishuvlarimizga jiddiy yondashadi».

Shartnomaning 4-moddasida «agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatlarning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchi tomon unga o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatadi».

«Bu bizning ishimiz», — dedi Putin va qo‘shimcha qildi: «Jarayon qanday rivojlanishini ko‘ramiz». Shundan so‘ng u Ukrainadagi Rossiya harbiylari hozir «barcha yo‘nalishlarda ishonchli» harakat qilayotganini aytdi.

Janubiy Koreya, Ukraina va AQSh oktyabr oyida Shimoliy Koreya qo‘shinlari urush hududiga yuborilishi haqida xabar bergan edi.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga 12 ming askar yuborishi mumkin. Ulardan ba’zilari Rossiyaning Uzoq Sharqidagi bazalarga etib kelishdi. Janubiy Koreya rasmiylari bu transfer Moskvaning KXDR harbiylarini Ukraina armiyasiga qarshi jangovar harakatlarga jalb etish rejalari bilan bog‘liq deb hisoblamoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bir kun avval Rossiyada Shimoliy Koreya harbiylari borligi haqida ma’lumot borligini, ular qanday vazifalarni bajarishi mumkinligi haqida esa hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring