Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya bosh vaziri «Putin qotilmi?» degan savolga javob berdi

Britaniya bosh vaziri «Putin qotilmi?» degan savolga javob berdi

Foto:«Getty Images»

«Katta yettilik» sammiti davomida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya rahbari Vladimir Putin shaxsiga oid qaltis savolga javob berishiga to‘g‘ri keldi.

«(AQSh rahbari) Jo Bayden prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ma’lumki, prezident Bayden Putinni qotil deb hisoblashini aytgan edi. Siz-chi, Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» deb savol berdi SNN muxbiri Klarissa Uord. Ingliz hukumati rahbari keskin javob berishdan o‘zini tiygani holda, Putin qotilliklarga ruxsat berganini qayd etdi.

«Men prezident Putin nomaqbul qilmishlarga qo‘l urgan deb hisoblayman. U Solsberida amalga oshirilgan va begunoh britan fuqarosining o‘limiga sabab bo‘lgan zaharlashga buyruq berganiga ishonchim komil (2018-yil 4-mart kuni Solsberi shahrida Britaniya maxsus xizmati foydasiga ishlagan sobiq rus razvedkachisi Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi nazarda tutilmoqda – tahr.). O‘shanda Skripallarni zaharlashga urinish ro‘y bergan edi. U o‘zining bosh muxolifi  Aleksey Navalniyga qanday munosabatda bo‘layotganini ko‘ryapsiz-ku! Soxta ayblov bilan qamoqqa tashlangan Navalniy qiynoqqa tutilmoqda», – dedi Boris Jonson.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida AQSh prezidenti Jo Bayden ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida jurnalist Jorj Stefanopolusning «Ciz Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» degan savoliga biroz taradduddan keyin «ha» deb javob qaytargan edi.

Darvoqe, kuni kecha NBC telekanali orqali anonsi efirga uzatilgan intervyuda bu savolga Vladimir Putinning o‘zi ham javob bergan.

Kremlda uyushtirilgan suhbat asnosida AQSh telejurnalisti Keyr Simmons V.Putindan unga qo‘yilgan qotillik aybi yuzasidan munosabat so‘ragan. Putin dastlab gapni uzoqdan olib kelishga urinadi, ammo jurnalist savolni yana qaytargach, «O‘z faoliyatim davomida turli tomonlardan uyushtirilgan turfa hujumlarga ko‘nikib ham ketdim. Bu hujumlar turli sabablarga, turli daraja va sifatga ega. Men ularning birortasidan hayratga tushmayman», – deya tagma’noli mulohaza yuritadi Rossiya rahbari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring