Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Ukrainadagi urush sabab yoddan ko‘tarilgan dolzarb masalaga e’tibor qaratdi

BMT Ukrainadagi urush sabab yoddan ko‘tarilgan dolzarb masalaga e’tibor qaratdi

Uganda davlatida qochqinlarni emlash jarayoni.

Foto: UNICEF

Xalqaro hamjamiyat rivojlanayotgan mamlakatlarga koronavirusning yangi ko‘rinishlariga qarshi vaksinani yetarli miqdorda va o‘z vaqtida yetkazib bera olmayotgani o‘n minglab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda BMTning yuqori martabali mulozimlari Inson huquqlari bo‘yicha kengash yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hozirga qadar dunyo bo‘yicha 10,5 milliard doza emdori qo‘llangan. BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet oshib borayotgan o‘limlarning oldini olish uchun bu yetarli emasligini ta’kidladi.  Bachelet xonimga ko‘ra, boy mamlakatlarning 70 foiz aholisi koronavirusga qarshi emlangani holda, kambag‘al o‘lkalarda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 13 foizni tashkil etmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ham emlanish borasida sustkashlik va harakatsizlik qashshoq mamlakatlarda ommaviy o‘limlarga olib kelishidan ogohlantirgan.

«Biz tarixning burilish nuqtasida yashamoqdamiz. Pandemiyaning og‘ir bosqichidan o‘tib olish uchun yetarli imkoniyatlarimiz mavjud, ammo vaksina taqsimotidagi tengsizlik bu imkoniyatni yo‘qqa chiqarmoqda. Yuqori daromadli mamlakatlar allaqachon karantin cheklovlarini bekor qilayotgan bir paytda boshqa mamlakatlar ortda qolmoqda. Natija shuki, haftasiga 60 mingdan ziyod o‘lim qayd etilmoqda, virusning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lish ehtimoli oshmoqda», – deydi JSST rahbari.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, sayyoramiz bo‘yicha 457 milliondan ziyod kishi koronavirusga chalingan, bu borada 6 mln 62 mingdan oshiq o‘lim qayd etilgan.  

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring