Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT kambag‘allarni «tuya ustida it qopishi»dan ogohlantirdi

BMT kambag‘allarni «tuya ustida it qopishi»dan ogohlantirdi

Foto: Reuters

2022-yilning ilk oyi davomida dunyo bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxi rekord darajada qimmatladi. BMTning narx-navo indeksi ana shundan dalolat bermoqda.

Yanvar oyi davomida o‘simlik moyi, go‘sht, don hamda sut mahsulotlari bahosi keskin ko‘tarilgan. BMT narx oshishi ko‘rsatkichi shu tariqa davom etsa, 2011-yildagi aksilrekord takrorlanishidan xavotir bildirmoqda.

BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mulozimi Yozef Shmidhuber narx qimmatlashuvidan eng avval qashshoq va kambag‘al qatlam aziyat chekishi, tirikchilik qattiqlashib, ro‘zg‘or tanglashuvidan ogohlantirgan.

Turkiyadan Paragvayga qadar dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan inflyasiya vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Ukraina, Tayvan, Eron kabi mamlakatlar urush xatari ostida ekani esa tovarlar va xizmatlarning erkin harakatiga to‘siq bo‘lmoqda.  Boz ustiga, o‘tgan yili yog‘ingarchilik kam kuzatildi, ko‘plab mintaqalarda qurg‘oqchilik ro‘y berdi. Bu esa joriy yilda hosildorlik ko‘rsatkichi tushishidan darak beradi.

Iqtisodiy tahlilchilar koronavirus pandemiyasidan keyin endigina oyoqqa turishga urinayotgan uchinchi dunyo davlatlari narx oshishi tufayli yangi sinovga ro‘baro‘ keladi degan xavotirda.

Avvalroq BMTning oziq-ovqat idorasi 2021-yilda oziq-ovqat mahsulotlari bahosi 28 foizga o‘sganini ma’lum qilgan va dunyo davlatlarini bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undagan edi. 

Kuni kecha East Fruit nashri joriy mavsumda O‘zbekiston bozorida yangi olma narxining g‘ayritabiiy darajada yuqori ekani sabablarini tahlil qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring