Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz» – Yevrokomissiya prezidenti

«Biz Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz» – Yevrokomissiya prezidenti

Ursula fon der Lyayen hamda Jozep Borrel 27 fevral kuni Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Foto: Reuters

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Euronews telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi masalasiga munosabat bildirdi.

«Ukraina Yevropaning ayrim jarayonlarida, masalan, Ukraina bozorini yagona YeI bozoriga integratsiyasida ishtirok etmoqda. Biz energetika va boshqa sohalarda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Vaqt o‘tishi bilan Ukraina YeIga kirishi lozim. Bu mamlakat – bizdan va biz uni Yevropa uyida ko‘rishni xohlaymiz», – deydi Yevrokomissiya prezidenti. 

Ursula fon der Lyayen Ukrainada davom etayotgan Rossiya bosqiniga ham munosabat bildirgan.

«Biz hamisha urushga qarshi bo‘lganmiz. Ukraina ham bu urushni istamagan edi. Uni Putin boshladi va davom ettirmoqda. Binobarin biz moliyaviy va iqtisodiy sohalarda qat’iy sanksiyalar bilan javob bermoqdamiz», – deydi Yevrokomissiya yetakchisi.

Qayd etilishicha, YeI Ukrainaga og‘ir pallada harbiy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmoqda, birdamlik ifodasi o‘laroq yuz minglab qochqinlarni qabul qilmoqda.

«Bu mamlakat (Ukraina nazarda tutilmoqda – tahr.) bizning qadriyatlarimizga xayrixoh, u yerda bizning taomillarimiz himoya qilinmoqda. Ukrainaliklar – tinch demokratiya sharoitida yashash tarafdori. Rossiya esa unga tajovuz qilmoqda. Shu bois ham Ukraina bizning to‘laqonli birdamligimizga haqli», – deydi Ursula fon der Lyayen.

Yevrokomissiya rahbari demokratik davlatlar bir tanu bir jon bo‘lgan holda dunyodagi tinch tartibot va oliy qadriyatlarni saqlab qolishiga ishonch bildirgan.

Qayd etish joizki, Rossiya Ukraina hududiga qo‘shin tortib kirgan ilk kunlardanoq Yevroittifoq davlatlari bir ovozdan agressiyani qoraladi.

YeI havo kengliklari Rossiya uchun butunlay yopildi.

Bryussel yana bir qator jiddiy sanksiyalarni joriy etdi.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel muallifligida chop etilgan maqolada ham Rossiyaning tinchliksevar qo‘shnisiga hamla qilgani butkul nomaqbul xatti-harakat deb baholanadi.

«Putin sodir etayotgan xatti-harakat xalqaro huquqning poymol etilishi bo‘lib qolmay, insoniyatning birgalikda hayot kechirish tamal qoidalariga ham tajovuz sanaladi. Uning Yevropaga urushni qaytarish qarori zamirida hamma narsani kuch hal qiluvchi «o‘rmon qonunlari»ni o‘rnatishga urinish yotibdi. Ko‘zlangan nishon esa nainki Ukraina, balki Yevropa xavfsizligi va umuman BMT nizomlari va xalqaro huquqqa tayangan umumjahoniy tartibdir», – deb ogohlantiradi YeI bosh diplomati.

J.Borrel butun mutaraqqiy dunyoni adolat, ishonch va hurriyat muhofazasi yo‘lida birlashishga da’vat etgan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 26 fevral kuni Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan muloqot haqida xabar berar ekan, Ukrainaning YeIga a’zoligi bo‘yicha qaror qabul qilish hozirgi pallada taqdirulamal ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan edi.

V.Zelenskiy 28 fevral kuni ham YeI rahbariyatiga murojaat qilib, Ukrainani «Yevropa uyi»ga maxsus tartibga ko‘ra tezroq qabul qilishni so‘radi.

Ukraina Konstitutsiyasiga 2019-yil fevral oyida kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mamlakatning YeI va NATOga a’zoligi strategik maqsad o‘laroq belgilangan.

C.Calim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring