«Birinchi raqamli qotil!» – AQSh ajal urug‘iga qarshi xalqaro miqyosda kurashga chorlamoqda
Dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan sintetik giyohvandlik vositalari – opioidlar tobora ko‘plab insonlarning bevaqt o‘limiga olib kelmoqda. Ajal urug‘idan aziyat chekayotgan davlatlardan biri sifatida AQSh hamkor mamlakatlarni kuchlarni birlashtirishga chorlamoqda. Xususan, davlat kotibi Entoni Blinken bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligidan ogohlantirgan.
«Share.America.gov» ma’lumotlariga ko‘ra, sintetik opioidlar geroindan 50, morfindan esa 100 baravar kuchliroqdir.
BMTning giyohvandlik moddalari va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hisobotida qayd etilishicha, opioidlar dunyo miqyosida eng xatarli narkotik bo‘lib qolmoqda. 2022 yilda giyohvandlik moddalari iste’moli bilan bog‘liq o‘limlarning uchdan ikki qismi sintetik opioidlar sababli ro‘y bergan.
Xalqaro tashkilot 2010-2020 yillar oralig‘ida sintetik opioidlarga ruju qo‘yganlar ikki baravar ortganiga e’tibor qaratgan.
Fentanil sintetik opioidlar guruhiga mansub eng xatarli giyohvandlik moddalaridan biri sanaladi. Bor-yo‘g‘i 2 milligramm fentanil bevaqt o‘lim topish uchun kifoyadir.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken joriy yil aprel oyida Denver shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika shaharlari sammitida fentanil moddasini 18 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lganlarning birinchi raqamli qotili deb atagan.
«O‘tgan yili biz har bir amerikalikni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan hajmdagi fentanil moddasini musodara qildik. Bu muammo ko‘lami qanchalar kattaligini ko‘rsatadi. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra bu xalqaro yechimni talab etadi. Shu bois ham Davlat departamenti prezident Bayden rahbarligida shu yo‘nalishda qat’iy ish olib bormoqda. Ayni choqda, milliy va mahalliy miqyosda choralar ko‘rilmoqda», – deydi E.Blinken.
Fentanilni tayyorlashda beozor bo‘lib tuyulgan kimyoviy moddalar istifoda etiladi. Bu esa unga qarshi kurashni yanada murakkablashtiradi. Bebiliska daromadga o‘rgangan jinoyatchi to‘dalar mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirib, tobora ko‘proq insonlarni ajal to‘riga tushirishga urinmoqda.
«Ushbu faoliyat yirik transmilliy jinoiy shirkatlar tomonidan nazorat qilinadi. Biz har kun, har soat moliyalashtirish, ishlab chiqarish va tarqatish tizimini yakson etish yo‘lida bosh qotirmoqdamiz. Bir paytning o‘zida mahalliy, milliy va xalqaro miqyosda ishlamasak, bu muammoni hal etish amrimahol», – deydi AQSh bosh diplomati.
Vashington global kuchlarni muvofiqlashtirgan holda, insoniyat salomatligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan sintetik narkotiklar tarqalishining oldini olishga urinmoqda.
Joriy yil may oyida AQSh hukumati 56 mamlakat sud va huquq idoralari vakillari ishtirokida sintetik giyohvandlik moddalariga qarshi kurash bo‘yicha uch haftalik tadbir tashkil etdi.
Hamkorlikdagi amaliyotlar davomida esa Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Yevropada rekord miqdorda fentanil musodara qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter