Bill Geyts koronavirus bilan bog‘liq vaziyat battar yomonlashishidan ogohlantirdi
«Microsoft» asoschisi Bill Geyts kuzda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat avvalgidan ham yomonroq bo‘lishidan ogohlantirdi. Bu haqda «Fox Business» xabar berdi.
«Kuz yozdagidan ko‘ra yomonroq bo‘ladi», — dedi u. Geytsning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish darajasi allaqachon o‘sa boshlagan. Sovuq tushganda esa odamlar ko‘p vaqtini yopiq xonalarda o‘tkazishadi. Bu esa yuqtirishlar sonining oshishiga olib keladi.
Bundan tashqari, «Microsoft» asoschisi vaksina yaratilgunga qadar odamlarda virusga qarshi kurashishning yagona usul borligini, u ham bo‘lsa ularning xatti-harakati ekanligini ta’kidladi.
«Afsuski, bu borada bizda jiddiy charchoq va salbiy holatlar yig‘ilib qoldi. AQShda niqob tartibiga amal qilish aslida juda yomon ahvolda», — deya gapini tugatdi milliarder.
Avvalroq Bill Geyts pandemiya qachon tugashini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u koronavirusni global miqyosda yo‘q qiladigan yagona vosita haqida gapirgandi.
Yangi tipdagi koronavirus chaqirgan COVID-19 tarqalishi ilk bor 2019-yil dekabrda Xitoyning Uxan shahrida qayd etildi. O‘shandan buyon dunyo bo‘yicha jami 38,5 milliondan ortiq kishi kasallikka chalindi, 1,09 milliondan ortiq bemor hayotdan ko‘z yumdi. AQShda ayni vaqtda qariyb 8 million kishi koronavirusni yuqtirib olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter