Baydenning Kiyevga kelishi — sahnalashtirilgan tomosha
Svyatoslav Xomenko (BBC muxbiri) AQSh prezidentining Kiyevga bugungi tashrifini gollivudcha simvolizmga o‘xshatdi.
«Jo Baydenning Kiyevga kutilmagan tashrifi — bu, albatta, siyosat bilan bog‘liq emas. Oxir-oqibat, Bayden Zelenskiy bilan Vashingtonda uchrashganiga ikki oy ham bo‘lmadi, shundan beri AQSh va Ukraina prezidentlarida muloqot uchun prinsipial yangi mavzular paydo bo‘lgani dargumon.
Bugungi tashrif harbiy hamkorlik bilan ham bog‘liq emas. Kiyevga Amerika harbiy ko‘magining hajmlari haqida ertaga rasman oshkor qilinadi.
Bu, hech shubhasiz, toza, puxta sahnalashtirilgan, deyarli gollivudcha tomosha.
Jo Bayden bir yil avval Rossiya qo‘shini uch kunda egallamoqchi bo‘lgan Kiyevga keldi. Bu Ukrainaning yevropacha yo‘l tutishini yoqlagan «Samoviy yuz qahramon» — Maydon voqealari faollari otilgan sana (Ukraina SSV ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlarida 2013-yil 30-noyabridan 2014-yil 14-apreliga qadar isyonlar davomida 106 kishi halok bo‘lgan — tahr.). Amerika prezidenti «qarorlar qabul qilinadigan markazlar bo‘ylab» Rossiya berayotgan zarbalardan qo‘rqmasligini ko‘rsatmoqchi (G‘arb Ukrainaga taqdim etgan havo hujumiga qarshi tizimlar sharofati bilan albatta).
Kiyev markazi uzra havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenaning qo‘qqisdan tushib ketishi tashrifning bezagi bo‘ldi. Bayden turgan Mixaylovsk maydonida sirena ovozi shunchalik baland va vahimali ediki, uzoq vaqtgacha esdan chiqmaydi.
Albatta, bu Baydenning ertaga Federal yig‘inga murojaatnoma yo‘llashga hozirlanayotgan Vladimir Putinga «salomi». Qani, «maxsus harbiy operatsiya reja bo‘yicha ketyapti» deb yana hammaga ayt-chi, miriqib bir kulaylik.
Ammo eng qizig‘i — hali davomi bor. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Jo Baydenning Polshaga ertangi tashrifi ham shunchalik hisob-kitob qilinganki, uning Varshava markaziy maydonidagi nutqi Putinning murojati tugaganidan so‘ng boshlanadi. AQSh va Rossiya yetakchilarining «ramziy aytishuvi» davom etadi.
Jo Baydenning Kiyevdan boshlangan yevroturnesidan so‘ng, ertaga Vladimir Putin hech qursa nazariy bo‘lsa-da bunga vau-effekt» qo‘sha oladigan nimadir bayonot berishiga ishonish juda qiyin», deyiladi maqolada.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter