Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bas qiling!» – germaniyalik vazir Lavrovga keskin murojaat qildi

«Bas qiling!» – germaniyalik vazir Lavrovga keskin murojaat qildi

Foto: TASS

Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Hindiston poytaxti Dehli shahrida 2 mart kuni o‘tgan «Katta yigirmalik» (G20) uchrashuvida rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrovdan bosqinchilik urushini zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda DW xabar berdi. 

«Urushga chek qo‘ying! Xalqaro tartib-qoidalarimizni poymol etishni bas qiling! Ukraina shaharlari va tinch aholi ustiga bomba yog‘dirishni to‘xtating!» – deya Rossiya TIVga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan olmon bosh diplomati.

Siyosatchi madaniy tushunchalarga asoslangan bugungi dunyoda kuchlilar o‘zidan kuchsizroqlarga zo‘ravonlik qilishi butkul nomaqbul ekanini urg‘ulagan.

«Fikrlarimizni o‘z qulog‘ingiz bilan eshitish uchun shu zalda ekaningiz yaxshi bo‘ldi. Qirg‘inbarotni to‘xtating! Bir oy yoki bir yildan keyin emas, bugunoq! Negaki, ota-onasi, akasi yoki farzandidan ayrilgan oila uchun hayot ham mazmunini yo‘qotadi», – deb ta’kidlagan A.Berbok.

O‘tgan yili S.Lavrov «Katta yigirmalik» anjumanida nutq so‘zlagach, tanqidlarni eshitmaslik uchun zalni tark etgan edi.

«Rossiya tomoni «Bu urushni biz boshlamadik» qabilidagi yolg‘on da’volar bilan jamoatchilikni ishontirish amrimahol ekanini tushungan ko‘rinadi. Yolg‘onu o‘triklardan bahs etib, juftakni rostlab qolish maqbul strategiya emas», ؘؘ– degan olmon vaziri.

Ta’kidlanishicha, «Katta yigirmalik» davlatlari Ukraina urushi borasida turli yondashuvlarga ega bo‘lishi mumkin, ammo Rossiyani istisno etganda 19 davlat qirg‘inbarotni tezroq tugatish borasida hamfikrdir.

Notiq urushdan hatto Rossiyaning o‘zi ham aziyat chekayotgani, minglab odamlar vatanidan bosh olib ketayotgani, iqtisodiy ko‘rsatkichlar pasayib borayotganiga e’tibor qaratgan.

Dehlida o‘tgan G20 tashqi ishlar vazirlari mashvaratida Ukraina muhorabasi qatorida global oziq-ovqat bo‘hroni va energiya xavfsizligi masalalari ham muhokama etildi.

«Germaniya qarz inqirozini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Negaki, zalvorli qarz yuki sabab ko‘plab mamlakatlar bo‘hron yoqasiga kelib qolgan. Biz dunyo miqyosida ocharchilikka qarshi kurashish uchun ham kuchlarimizni safarbar qilamiz. Masalan, Janubiy Afrikada millionlab odamlar farzandlarini qornini to‘yg‘aza olmay qolgan. Iqlim o‘zgarishi ham yanada jiddiy va yanada talafotli tabiiy ofatlarga doyalik qilmoqda. Shu sabab yangi xalqaro moliya arxitekturasini yaratishga bel bog‘laganmiz. Ochiq adolatsizlik shundaki, iqlim bo‘hronidan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakatlar bu borada eng kam aybdor bo‘lganlardir», – degan Germaniya TIV Dehli anjumani arafasidagi bayonotida.

Rasmiy Berlinga ko‘ra, Kremlning haqsiz urushi dunyoda oziq-ovqat va energiya inqirozini yanada  kuchaytirdi.

«O‘tgan hafta, Rossiya hamlasi boshlanganiga bir yil to‘lgan pallada BMT Bosh assambleyasida mutlaq ko‘pchilik davlatlar Rossiya boshlagan shafqatsiz urushni keskin qoralagani menda umid uyg‘otdi. Xalqaro hamjamiyat BMT Ustavini himoya qilishdek taqdirulamal masalada yakdildir», – deydi A.Berbok.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 31 oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Rossiya–Ukraina urushining Markaziy Osiyoga ta’siri, suverenitet va davlatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kabi masalalarni ko‘targan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring