Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Asalarilar qiroli»ni biror marta ham asalari chaqmagan

«Asalarilar qiroli»ni biror marta ham asalari chaqmagan

Foto: «Daily Star»

O‘zini «asalarilar qiroli» deb atovchi ruandalik Ndayisaba 30 yildirki butun tanasida hasharotlarning o‘rmalab yurishiga ruxsat bergani hamda hech qachon chaqmaganini ta’kidlamoqda. U Daily Star nashriga bergan intervyusida asalarichilik faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Ndayisaba bolalikdan hasharotlarga g‘amxo‘rlik qiladi.

«Asalarilarni boshqarish uchun, avvalo, malikasini topishim kerak. Keyin boshqa asalarilarni jalb qilish uchun uni tanamga qo‘yaman», — deya tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uyada yashovchilar malikaga ergashadi va uning atrofini qalqon qilib o‘rab, himoya qilishadi. Ruandalikning tanasida asalarilar galasi hasharotli po‘stinga o‘xshaydi.

Ndayisaba asalarilar uni chaqmasligiga ishonadi, chunki u asalarichilikni yaxshi tushunadi. Ushbu sevimli mashg‘uloti unga nafaqat mashhurlik olib kelgan, balki asal sotish orqali daromad olish imkonini bergan.

Ndayisaba 30 yillik asalarichilik faoliyati davomida biror marta ham asalari chaqmaganini da’vo qiladi. Jurnalistlarga intervyu bergan amerikalik tajribali asalarichi Keti Lining aytishicha esa har safar hasharotni tanasiga qo‘yganida uni chaqib oladi.

«Biz vaqti-vaqti bilan asalarilarga shakar siropi sepamiz. Yaxshi boqilgan hasharotlar kamroq chaqadi, shu bois biz ularning to‘ygani va mamnun ekanligini nazorat qilamiz», — deya ta’kidladi Li.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘yishdan oldin asalarilar ustida o‘rmalamasligi uchun ko‘z osti va lablariga vazelin surtib qo‘yadi. Shuningdek, hasharotlar ichiga kirib ketmasligi uchun quloqlari va burunlariga paxta tiqib qo‘yadi.

Li maxsus tayyorgarliksiz asalarilar bilan bunday tryuklar qilmaslik kerakligidan ogohlantiradi.

«Yuzingiz va tanangizda minglab chaqadigan hasharotlar bo‘ladi, shuning uchun ular sizni bir necha marta chaqib olishlariga jismonan va ruhan tayyor bo‘lishingiz kerak», — deb xulosa qildi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring