Asalarilar hayotiga tahdid: nega ular qirilib ketmoqda? (video)
Asalarichini o‘ylantirayotgan muammolar. Asalariga ehtiyoj sezayotgan tabiat...
Bugun, 20 may — «Xalqaro asalarilar kuni». Demak bu asalarichilarning ham bayrami. Ushbu kun BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, 2017 yildan buyon nishonlab kelinadi.
Asalari yuz gramm nektar yig‘ish uchun milliontacha gulga qo‘nadi. Bir kilogramm asal to‘plash uchun esa taxminan bir necha yuz ming kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa Yer sharini taxminan o‘n marta aylanib chiqishga tengdir.
Shu bilan birga asalari hasharotlar ichida gul shirasi (nektar) yig‘adigan yagona jonzotdir. Bundan tashqari u gullarni, o‘simliklarni changlatuvchi ham hisoblanib, asalari ishtirokisiz ular meva bermaydi. Asalni faqat daromad manbai yoki shirin, shifobaxsh yegulik sifatida qabul qilamiz. Ammo asalarining ekologiyaga, tabiatga yordami qanday? Ekologiyaning buzilishi, iqlim o‘zgarishi asalari populyasiyasiga qanchalar ta’sir qiladi? Umuman O‘zbekistonda asalarichilik sohasida qanday yangiliklar kutilmoqda. Asalarini va asalarichilarni qanday muammolar qiynamoqda va unga qanday yechimlar izlanmoqda? Shu kabi savollarimizga asalarichi Dilshod Ortiqov bilan suhbatda javob topamiz.
– Asalari deganda shirin va shifobaxsh ne’mat ko‘z oldimizga keladi...
– Maqsadimiz faqat asalarilardan daromad olish emas, balki asalchilikka aloqador tarmoqlarni rivojlantirganmiz. Ya’ni asalarilar uyalarini va asbob uskunalarni asalarichilarga yetkazib ham beramiz. ART-BEE-TECH asalarichilik kompleksimizda shu sohaga tegishli nimaiki bo‘lsa ishlab chiqaramiz. Asalarichilik mening ota kasbim. Bu soha yo‘lida izlanishimga tarjimonlik va moliya sohalarini o‘qib bitirganim ham qo‘l kelmoqda. Til bilganim uchun shu sohaga qanday yangilik bo‘lsa qo‘llab ko‘raman.
To‘g‘ri siz aytgandek, asalari deganimizda asal, ya’ni shirinlik ko‘z oldimizga keladi. Asalarining dunyo iqtisodiga keltiradigan foydasi aynan changlatish xususiyati borligi.
– Ekologiyaning yomonlashuvi, masalan anomal issiq yoki anomal sovuqlarning asalariga qanday ta’siri bor?
– Zaharli pestitsidlar ko‘p qo‘llangani bois, asalarilar oilalari halokatga yuz tutmoqda. Vaholanki, 80-90 foiz o‘simliklarning ko‘payishi, hayotiy davomiyligi asalarilarga bog‘liq. Ya’ni ularning zimmasiga daraxtu o‘simliklarni changlatish yumushi yuklatilgan.
Ekologik buzilishlar asalarilarning hayotida darrov aks etadi. Ayrim parazitlarning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi asalarilarning ozuqa bazasi juda tez qisqarib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinda Kun.uz saytida bir suhbatning guvohi bo‘ldim. Asalarilarning qirilib ketishiga asosiy sabab qilib global isishni ko‘rsatishmoqda. Ya’ni bu bilan bizning qo‘limizdan nima ham kelardi deyishmoqda. Men esa asalarilarning kamayib ketishiga yaylovlardan tartibsiz foydalanish deb bilaman. Agar adashmasam yaylovlarning 70 foizi ishdan chiqqan, ya’ni o‘zini o‘zi tiklab ololmayapti. Sababi chorvaga katta e’tibor berilmoqda. Va buning oqibatida yaylovlardagi madaniy va yovvoyi o‘simliklar o‘zini tiklab ololmayapti. Yaylovlarning qayta tiklanishiga fursat bermasdan chorva ko‘payib ketayotgani ham ularni halokatga olib kelmoqda.
Asalarilarning ozuqasi bahorda daraxtlar, iyul-avgust oyida paxta guli hisoblanadi. May-iyun oylarida esa asalarilarning asosiy ozuqasi tabiiy yaylovlar. Yaylovlardagi o‘t-o‘lanlarning qayta o‘sishi, gullashi va urug‘ to‘kishi uchun imkon yaratmayapmiz. Bu nafaqat asalarilar uchun balki, chorvaning o‘zi uchun ham yaxshi holat emas. Taklifiniyam berishimiz mumkin. Ya’ni katta-katta yaylovlarni asalarilarga berishimiz kerak. Shunda yaylovlardagi o‘simliklar changlanib gullaydi, urug‘laydi va meva tugadi. Oziq-ovqat xavfsizligi zanjirida asalarilar juda katta rol o‘ynaydi. Agar asalari yo‘q bo‘lib qolsa bu zanjir uziladi.
– Asalarilarga bugun qanday parazitlar xavf solmoqda?
– Global issiq tufayli janubdan yangi parazit kirib keldi. Toshkent viloyati vakili sifatida aytishim mumkinki 70 foiz asalari oilalari qirildi. To‘g‘ri bu statistik ma’lumot emas, afsuski statistik ma’lumotni yurgizadigan tashkilotlar bu bilan shug‘ullanmadi. Asalarilarning halokati nimada ko‘rinadi desangiz bu yil bog‘dorchilik bilan shug‘ullandigan fermerlarimizning mevalarini changlatadigan asalarilar yetishmay qoldi.
Qishloq xo‘jaligi sohasini faoliyatini yoritib boradigan Uzb_Meteo kanalida «Asalarilar qani?» degan fermerlarimizning muammolari yoritilgan maqola chiqdi. Bu yilgi sovuqni hisobga olmaganda oldingi iliq qishlar parazitning rivojlanib yashashi uchun yaxshi sharoit bo‘ldi. Endi bizda anomal sovuqda shu kanadan qutulganmikanmiz, degan umid bor, lekin bu kanadan butkul qutuldik degani emas. Bunga mas’ul bo‘lgan tashkilot Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan shu paytgacha ilmiy yondoshuv qilingani yo‘q. Har bir asalarichi ma’ulumotlarni almashib o‘zimizcha kurashayapmiz, yo‘qotish katta bo‘ldi, ya’ni changlatish muammo bo‘ldi. Allaqachon bu kanaga qarshi davolash va himoyalanish choralarini ko‘rishimiz kerak edi. Ammo biz asalarichilar o‘z bilganimizcha kanaga qarshi kurashayapmiz. Shaxsiy xo‘jaligimizda tajriba qilayapmiz. Jahon tajribasida qo‘llanib turgan chumoli kislotasini qo‘llayapmiz. Lekin uni har xil hududga va iqlimga turli me’yorda qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Ya’ni bu dorini namlik, quruqlikka, hatto uya hajmiga qarab «doza»sini ishlatmasangiz arilarni o‘ldirib qo‘yishingiz mumkin. Ya’ni standart me’yori yo‘q. Afsuski «doza»sini noto‘g‘ri qo‘llab arilar oilasini o‘ldirib qo‘ygan paytlarimiz ham bo‘ldi. Bu kana Tailand kabi qish kuzatilmaydigan quruq ob-havoga moslashgan.
– Ko‘chma asalarichilik haqida gapirib o‘tsangiz. Birovning bog‘iga, ekinzoriga kirib borishda muammo tug‘ilmaydimi?
– Gul ochildi degani gul nektar ajratdi degani emas. Gul ochilgach, havo namligi kerak. Shiraning namligi me’yorida bo‘lmasa, nektar yig‘ib bo‘lmaydi. Anomal issiqlar asalarilarning ozuqasiga, o‘z-o‘zidan asalarining qisqarishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekistonda ko‘chma asalarichilik mavjud. Biz qayerda gul bo‘lsa o‘sha yerga ko‘chamiz. Meni tashvishlantirayotgan narsa asalarichilik o‘zining jozibadorligini yo‘qotayotganligi. Asalarilarga e’tiborsizlik tufayli meva kamayadi, eksport salohiyatimiz kamayadi, yashash turmush darajasi tushib ketadi. Hatto ular qirilsa changlanish bo‘lmagach o‘z-o‘zidan yaylovdagi o‘simliklar kamayadi. Xorijda fermerlar, bog‘bonlar, tadbirkorlar asalarichilarga yaylovini, bog‘ini, daraxtlarini, sabzavotlarini changlatib bergani uchun haq to‘laydi. Bizning fermerlarimiz mayli haq to‘lamasin, biz borganda loaqal dalasiga pestitsidlarni sepmay tursin. Borgan dalamizdagilar, polizdagilar ogohlantirganimiz uchun pestitsitlarni sepmay turishi mumkin, lekin qo‘shni fermerlarga farqi yo‘q, shu paytlari ham biz bir qancha asalari oilalari qirilishiga guvoh bo‘lamiz va bu juda achinarli.
– Bayram munosabati bilan hamkasblaringiz va asalarilar haqida yana nima degan bo‘lardingiz.
– 2017 yildan buyon 3-4 yil davomida 1 dekabrdan to 10 dekabrgacha asal bayrami o‘tkazildi. Bu bayramning tashkil qilinishi va o‘tkazilishi asalarichilik sohasiga jonlanish bag‘ishladi. Asalarichilarga ruh bag‘ishladi. Hatto xorijdan kelganlar bizning asal bayramimiz va tadbirlarimizni ko‘rib havas qilishdi. Ammo o‘tgan yili asal bayrami o‘tkazilmadi, bu esa ruhimizni cho‘ktirdi. Ishonasizmi, Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro asalarichilik tashkiloti Apimondiyaning 47 kongressida O‘zbekiston vakili sifatida (mablag‘ ajratilmadi) yakka o‘zim bordim. Va uyoqdagilar qani sizlarning vakillaringiz deb so‘rashdi. Men esa O‘zbekistonning imidjini o‘ylab, asalarichilik bilan bog‘liq tadbirlar shu qadar ko‘pki, xodimlarimiz o‘sha yoqlarga ketishdi, deb yolg‘on gapirishga majbur bo‘ldim...
Asalarilar tabiatning bir bo‘lagi. Ularsiz hayotni, rivojlanishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz asalarichilar har qanday murakkabliklarga va muammolarga qaramay faqat olg‘a intilishimiz kerak, tabiat uchun, kelajak avlod uchun.
Jurnalist Barno Sultonova,
Operator Yunus Mahmudov,
Montajchi Sherzod Qayumov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter