Asalarichilik faoliyatiga subsidiya va soliq imtiyozi beriladi
Prezidentning «Respublikada asalarichilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish va asalarichilik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga joylashtirildi.
Unga ko‘ra, har bir asalari oilasi uchun changlatish mavsumida oyiga bazaviy hisoblashning 40 foizi miqdorida subsidiya berish;
«O‘zbekiston asalarichilar» uyushmasi a’zolariga har yili asalari qishlovi davrida (oktyabr-aprel) ozuqa sotib olish uchun har bir asalari oilasiga bazaviy hisoblashning 30 foizi miqdorida davlat budjetidan subsidiya ajratish;
Uyushmaga a’zolik badalini har bir asalari oilasi uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi etib belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, asalari boqish orqali kamida 100 ta xonadonda daromad manbaini tashkil etgan asalarichilik kooperatsiyalari 2022-yil 1-iyuldan boshlab 3 yil muddatga daromad va mulk solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, import qilinadigan asalni qayta ishlash va qadoqlash asbob-uskunalari, asalarichilik inventar va uskunalari, asalari uyalarini tashish tirkamalari, asalari uyasini ishlab chiqarish uchun yog‘och, materiallar, penopoliuretan, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar uchun boj bekor qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter